Vengriya Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi

Olam

image

Vengriya Shvetsiyaning NATO harbiy blokiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Viktor Orban bugun, 7 iyul kuni Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Orban Vengriya Shvetsiya bo‘yicha allaqachon qaror qabul qilganini va ushbu masala yuzasidan Turkiya bilan maslahatlashuvlar davom etishini aytgan.

“Vengriya hukumati allaqachon NATOda Shvetsiya bo‘yicha qaror qabul qilgan, bu ijobiy bo‘ldi. Biz Shvetsiyaning kirishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biroq Vengriya parlamenti hali buni ratifikatsiya qilmagan... Biz kerak bo‘lganida harakat qilamiz. Vengriya qaror qabul qilishdan tortinmaydi”, deydi Orban.

Ma’lumot uchun, Shvetsiya va Finlyandiya 2022 yilning may oyida Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun ariza bergan, biroq Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaga PKK va PYD terrorchi deb e’lon qilishni hamda 2016 yilda terrorchilik yoki davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, qo‘shilish jarayonini bloklagan. 2022 yilgi NATO sammiti oldidan ushbu muammolarni hal qilish uchun Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya o‘rtasida ikki shimoliy davlat qilishi kerak bo‘lgan aniq qadamlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan memorandum imzolangan. 

Bu orada Finlyandiya joriy yilning 4 aprel kuniyoq NATO safiga rasman qabul qilindi. Shvetsiya esa mamlakatda Qur’on va Turkiya bayrog‘ining yoqilishi bilan bog‘liq aksiyalar hamda Turkiya talablarining bajarilmasligi vajidan tashkilotga qo‘shila olmayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq alyans rahbari Shvetsiya NATOga Vilnyus sammitida qo‘shilolmasligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Vengriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing