Stoltenberg Shvetsiya NATOga Vilnyus sammitida qo‘shilolmasligini aytdi

Olam

image

Joriy yilning 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida Shvetsiya har qanday holatda ham alyansga a’zo bo‘la olmaydi, chunki bu vaqtga qadar hatto Anqaraning roziligi bilan ham Turkiya tomonidan ariza ratifikatsiya qilinishi imkonsiz. Bu haqda bugun, 6 iyul kuni Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qildi.

"Mumkin bo‘lgan va biz erishmoqchi bo‘lingan narsa – bu sammitdagi ijobiy qarordir. Ya’ni Turkiya Shvetsiyaning arizasini ratifikatsiya qilishga rozi bo‘lishi. Lekin hali qilinadigan ishlar bor. Ratifikatsiya dushanba (10 iyul) kuni bo‘lmaydi, lekin biz siyosiy yechimga erisha olamiz", degan Stoltenberg Vilnyusdagi sammitda Shvetsiya NATOga a’zo bo‘ladimi, degan savolga javob berarkan.

Aytilishicha, NATO Bosh kotibi shu yilning 10 iyulida Vilnyusda Turkiya va Shvetsiya rahbarlari bilan tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish ustida ishlashni davom ettirish uchun uchrashuv o‘tkazadi. Bosh kotib bugungi uchrashuv yakunlari bo‘yicha ham oldinga siljish bo‘lganini ta’kidlagan. 

"Bugun biz muvaffaqiyatga erishdik. Dam olish kunlarida ishlashni davom ettiramiz. Mening vazifam Turkiyadan Shvetsiya a’zoligi bo‘yicha kafolatlarga erishishdir”, degan Stoltenberg.

Ma’lumot uchun, Shvetsiya va Finlyandiya 2022 yilning may oyida Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish uchun ariza bergan, biroq Turkiya Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchi deb e’lon qilishni va 2016 yilda davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, qo‘shilish jarayoniga to‘sqinlik qilgan. O‘tgan yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, o‘sha paytdagi Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo va Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Uning yakunida memorandum imzolangan. Bu o‘ziga xos yo‘l xaritasi bo‘lib, Stokgolm va Xelsinkiga NATOga qo‘shilish imkonini berishi ko‘zlangan. Joriy yilning 31 mart kuni Turkiya parlamenti Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi protokolni ma’qullagan, mamlakat 4 aprelda alyansga a’zo bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya parlamenti spikeri Numan Kurtulmush Anqara talablarini bajarishdan bosh tortayotgan Shvetsiyaning NATOga kirishi amalga oshmaydigan orzusi bo‘lib qolishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Stoltenberg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing