Turkiya va Shvetsiya nihoyat kelishib oldi. Erdo‘g‘an niyatiga yetdi
Olam
−
11 iyul 2023
10692Vilnyusda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokarachilar Stokgolmning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishi mavzusini muhokama qilingan. Uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tgan.
Maslahatlashuvlar NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg tashabbusi bilan o‘tkazilgan.
Uchrashuvda Shvetsiya Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonini, jumladan turk fuqarolari uchun viza rejimini liberallashtirish va Anqara va Bryussel o‘rtasidagi Bojxona ittifoqini yangilash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi bildirilgan.
Yig‘ilishning yakuniy bildirishnomasiga ko‘ra, Turkiya Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi haqidagi protokollarni mamlakat parlamenti ko‘rib chiqishi uchun yuboradi va ularni ratifikatsiya qilish uchun yaqindan hamkorlik qiladi.
Muloqot chog‘ida Shvetsiya YPG/PYD va FETO terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlamasligini tasdiqlagan.
Turkiya, Shvetsiya yetakchilari va NATO Bosh kotibi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shimoliy Atlantika ittifoqidagi ittifoqchilar o‘rtasida mudofaa sanoatida ta’minot va sarmoyaviy to‘siqlarni olib tashlash, sanksiyalarni bekor qilish ustida ishlashga qaror qilingan.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, Turkiya va Shvetsiyaning ikki tomonlama xavfsizlik mexanizmini tashkil etishini aytgan. Blok rahbari, shuningdek, NATO tarixida birinchi marta terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha maxsus koordinator tayinlanishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqi Turkiyani YeIga to‘laqonli a’zo qilish uchun harakat qilsa, Anqara Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini aytgandi. Shundan so‘ng NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
2022 yil 28 iyun kuni Madridda NATOning avvalgi sammiti boshlanishidan oldin Erdo‘g‘an, Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo, o‘sha paytdagi Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Memorandum imzolandi, bu o‘ziga xos yo‘l xaritasi bo‘lib, Stokgolm va Xelsinkiga NATOga qo‘shilish imkonini berdi. 31 mart kuni Turkiya parlamenti Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi protokolni ma’qulladi, mamlakat 4 aprelda alyansga a’zo bo‘ldi. Shu bilan birga, turk qonunchilari Stokgolmdan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Madrid memorandumining barcha bandlariga rioya qilishni talab qilib, Shvetsiyaning alyansga kirishi haqidagi protokolni qabul qilmadi.