Erdo‘g‘an va Putin Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi
Olam
−
03 dekabr
2673Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda ikki mamlakat Prezidentlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.
“Muzokaralar davomida Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, Suriya voqealari, global va mintaqaviy muammolar muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an muloqot davomida Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini va Damashq siyosiy qarorga muhtojligini ta’kidlagan.
“Prezident Erdo‘g‘an Turkiya bir tomondan Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini va boshqa tomondan Suriyada adolatli va mustahkam yechim izlayotganini, mintaqada diplomatiya uchun ko‘proq joy ochish muhimligini va Suriya rejimi bu jarayonda siyosiy qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Vladimir Putin esa radikal guruhlar tomonidan Suriyaga qarshi olib borilayotgan terroristik hujumlarni tez orada to‘xtatish va mamlakatdagi qonuniy hukumatning barqarorlik hamda konstitutsiyaviy tartibni tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlagan. Bu borada u Anqaraning mintaqadagi imkoniyatlaridan foydalanish ahamiyatini alohida qayd etgan.
Prezidentlar shu munosabat bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va Ostonadagi muzokaralar jarayonida o‘zaro aloqalarni davom ettirish zarurligini bildirgan.
“Rossiya, Turkiya va Eron o‘rtasida Suriyadagi vaziyatni normallashtirish bo‘yicha yaqin koordinatsiyani davom ettirish muhimligi qayd etildi”, deyiladi Kreml xabarida.
Ma’lumot uchun, “Hayat Tahrir ash-Shom” (“Jabhat an-Nusra”) terrorchilik guruhi joriy yilning 29 noyabr kuni shimoliy Idlibdan Halab va Hama shaharlariga qarab keng miqyosli hujum boshlagandi. Bir kun o‘tib, 30 noyabrda Suriyaning ikkinchi yirik shahri Halab va uning atrofidagi hududlar, jumladan, xalqaro aeroport va Kuvayris harbiy aerodromi terrorchilar tomonidan nazoratga olindi. Oqibatda Halabning to‘liq egallanishi 2011 yilda Suriyadagi inqiroz boshidan beri birinchi marta sodir bo‘ldi. 2016 yil oxirigacha qurolli terrorchilar faqat shaharning sharqiy qismini nazorat qilgan.
Halab egallangandan so‘ng terrorchilik guruhlari Hama shahriga qarab harakat qilishni boshladi va Maarat Nu’man qishlog‘ini egalladi. Suriya armiyasi qo‘mondonligi 1 dekabrda terrorchilarning Hama tomon harakatlanishi to‘xtatilganini va hukumat qo‘shinlari qarshi hujum boshlaganini, shu jumladan terrorchilar tomonidan egallangan bir qancha joylarni ozod etilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan ham telefon orqali muloqot o‘tkazib, Suriyadagi keskinlikni muhokama qilgandi.
LiveBarchasi