NATO dengiz dronlari flotini tuzishni boshladi
Olam
−
04 dekabr
900Shimoliy Atlantika alyansi (NATO) Boltiq va O‘rtayer dengizidagi muhim suvosti infratuzilmasini himoya qilish uchun maxsus dengiz dronlari flotini yaratishni boshladi. Bu haqda NATOning birlashgan qurolli kuchlari transformatsiyasi bo‘yicha oliy qo‘mondon, admiral Per Vande “Defense News” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Admiralning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus so‘nggi bir yil ichida Yevropa suvlarida bir necha marta suvosti kabellari shikastlangani sababli paydo bo‘lgan. Xususan, so‘nggi bir necha hafta ichida sodir bo‘lgan ikki holat alyans rahbariyatini suv osti va ustki qismni uzluksiz kuzatish imkonini beruvchi tizim yaratish haqida o‘ylashga undagan.
Vande bu tashabbusni jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda jinoyatlarni qayd etish uchun o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga qiyoslagan.
“Texnologiyalar bu kabi tizimni yerusti va suvusti dronlaridan foydalangan holda amalga oshirishga imkon beradi”, dedi admiral.
Hozirda bu loyiha ilk bosqichda bo‘lib, dastlabki qadamlar asosan suvustini kuzatishga qaratiladi, keyinchalik esa suvostidagi kuzatuv imkoniyatlari kengaytiriladi. Loyihani NATOning dengiz kuchlari markaziy qo‘mondonligi va alyansning operativ shtabi kuchli qo‘llab-quvvatlagan.
“Bu loyiha hozircha nomga ega emas, shunchaki “Yerusti dronlari floti” deb nomlanmoqda. Aslida bunday loyiha allaqachon mavjud, shuning uchun xavflar minimal. AQSH 2021 yilda Fors ko‘rfazida tashkil etilgan 59-operativ guruhni bir necha yildan buyon muvaffaqiyatli qo‘llab kelmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Vande.
NATOning yangi dron flotini 2024 yil iyun oyida Niderlandiyada bo‘lib o‘tadigan alyans sammitigacha ishga tushirish rejalashtirilgan.
“So‘nggi bir oydagi internet kabellarining shikastlanishi bizning bu kabi loyihalarni jadallashtirishimiz zarurligini ko‘rsatadi”, dedi admiral.
Ma’lumot uchun, joriy yilning noyabr oyida Boltiq dengizida Finlyandiya va Germaniya orasidagi C–Lion1 kabeli va Litva bilan Shvetsiya orasidagi aloqa kabeli shikastlandi. Texnik xodimlar buni tasodifiy holat emas, balki ataylab qilingan diversiya bo‘lishi mumkin deb taxmin qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Boltiq dengizidagi vaziyatni doimiy kuzatish uchun mo‘ljallangan yangi harbiy-dengiz shtabini ochgan edi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr