Rossiyaning sentyabrda yo‘qotgan harbiylari soni e’lon qilindi
Olam
−
14:13 671 2 daqiqa
2026 yilning sentyabr oyida Rossiya armiyasining 50 000 dan ortiq askari jarohatlangan va halok bo‘lgan. Bu haqda ismi oshkor qilinmagan yuqori lavozimli NATO rasmiysiga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
NATO rasmiysining aytishicha, sentyabr oyi Rossiya uchun yil boshidan beri eng ko‘p yo‘qotishlar kuzatilgan davr bo‘lgan. Shuningdek, alyans vakili shu davr mobaynida Ukraina armiyasining yo‘qotishlari jami taxminan 5 000 nafarni tashkil etganini aytib o‘tgan.
“Rossiyaning yo‘qotishlari Ukraina ko‘rsatkichlaridan taxminan o‘n baravar ko‘p”, deydi u.
NATOning bayonotlari Ukraina keltirgan raqamlardan biroz farq qiladi. Bosh shtab sentyabr oyida Rossiya qo‘shinlarining yo‘qotishlari sonini 46 230 nafar deb e’lon qilgan, lekin halok bo‘lganlar sonini alohida ko‘rsatmagan. Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining oylik yo‘qotishlari deyarli 46 foizga oshgan.
Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevralidagi bosqin boshlanganidan beri Rossiya taxminan 1,55 million askarini yo‘qotgan. Bu raqam halok bo‘lganlar, yaralanganlar, bedarak yo‘qolganlar va asirga tushganlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlashning imkoni yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ukrainadagi har oylik yo‘qotishlari yangi yollanganlar sonidan taxminan 6 ming kishiga ko‘proqni tashkil etayotgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya kuniga taxminan 1 ming kishini yollashda davom etayotganiga qaramay, oxirgi ikki oy ichida hatto bu ko‘rsatkich ham halok bo‘lganlar va yaradorlar o‘rnini bosish uchun yetarli bo‘lmagan.
Shahriyor Jo‘rayev
Live
Barchasi