NATO Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda – “Politico“

Olam

−

image

NATO Rossiya bilan ehtimoliy harbiy to‘qnashuv yuz bergan taqdirda zarur bo‘ladigan qo‘shinlar va qurol-yarog‘ masalasini muhokama qilishni boshlamoqda. Alyansga a’zo davlatlar 2029 yil uchun mudofaa salohiyatiga oid maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilashni rejalashtirgan. Bu haqda manbalariga tayanib “Politico“ xabar berdi.

Nashrning NATOning amaldagi va sobiq 15 nafar rasmiysi bilan suhbatlari asosida yozishicha, alyans Rossiya bilan ehtimoliy mojaro oldidan beshta muhim masalani hal qilishi kerak.

Birinchidan, NATO davlatlari ehtimoliy urush yuz bergan taqdirda qancha qo‘shin va harbiy imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligini belgilashi kerak. Bunda nafaqat yirik harbiy operatsiyalar uchun zarur kuchlar, balki alyans hududidan tashqarida kichikroq inqirozlarni boshqarish uchun mo‘ljallangan 18 ta zaxira brigadaga ehtiyoj ham muhokama qilinadi. Shuningdek, sun’iy intellekt va yer usti robotlari kabi yangi texnologiyalarni harbiy rejalarga joriy etish hamda yadroviy qurolga ega AQSH va Buyuk Britaniyani an’anaviy harbiy kuchlar bilan qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchidan, AQSHning Yevropadagi harbiy ishtiroki qisqartirilgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bo‘shliqni qanday to‘ldirish masalasi turibdi. Vashington strategik bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar, dronlar, suvosti kemalari hamda harbiy kemalar kabi vositalarni NATO foydalanishi mumkin bo‘lgan kuchlar tarkibidan chiqarishni boshlagan. Pentagonning dekabr oyida e’lon qilinishi kutilayotgan hisoboti esa Yevropaga zarur bo‘lgan og‘ir yuk tashuvchi samolyotlar kabi boshqa imkoniyatlar ham qisqartirilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda. Shu sababli ittifoqchilar AQSH o‘rnini qanday to‘ldirish va mudofaa xarajatlarini o‘zaro qanday taqsimlash masalasini hal qilishi kerak. Takliflardan biri muayyan qurol turlarini talab qilish o‘rniga, davlatlarga aniq harbiy vazifalarni bajarish bo‘yicha maqsadlar belgilashdir.

Uchinchidan, NATO ichida turli mintaqalarga beriladigan ustuvorliklar bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud. Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyin alyansning e’tibori sharqiy yo‘nalishga qaratildi. So‘nggi bir yil ichida esa Arktikadagi xavfsizlik masalalari ham muhim o‘rin egalladi. Biroq ayrim ittifoqchilar NATOning janubiy va janubi-sharqiy qanotlariga ham ko‘proq e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlamoqda. Bu hududlarda Liviyadagi Rossiyaga aloqador yollanma jangchilar, migratsiyadan qurol sifatida foydalanish ehtimoli, suvosti kemalari faolligining ortishi hamda Qora dengizdagi kemalarga dronlar bilan hujum qilinishi kabi tahdidlar mavjud.

To‘rtinchidan, NATO dronlar va boshqa uchuvchisiz tizimlarga sarmoyani oshirish bilan birga, tanklar va artilleriya kabi an’anaviy harbiy texnikalarni rivojlantirish o‘rtasidagi muvozanatni belgilashi kerak. Ukrainadagi urush dronlarning zamonaviy jang maydonidagi ahamiyatini ko‘rsatdi. Shu bois Buyuk Britaniya uchuvchisiz suvosti apparatlarini ham o‘z ichiga olgan aralash flotni rivojlantirmoqda, Fransiya dronlar va nishonga urilishidan oldin havoda aylanib turadigan o‘q-dorilar uchun qariyb 8,4 milliard yevro ajratgan, Germaniya esa kelasi yili dronlarga ixtisoslashgan birinchi polkini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bunda Yevropa davlatlarida harbiy xizmatchilar yetishmasligi va Rossiyaning texnologik rivojlanishiga ortiqcha xarajatlarsiz javob berish zarurati ham hisobga olinadi. NATO rasmiylaridan birining aytishicha, Rossiya yiliga 9 million dona dron ishlab chiqaradi.

Beshinchidan, NATO davlatlari Ukrainadagi urush tajribasidan qanday foydalanish masalasini hal qilishi kerak. Ukraina dronlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketalar va jangovar harakatlarni boshqarish texnologiyalarini rivojlantirish borasida katta tajriba to‘plagan. Shu sababli ayrim NATO davlatlari Ukraina bilan harbiy va mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish tarafdori. Biroq boshqa davlatlar Ukrainadagi urush sharoitlari NATOning harbiy harakatlar olib borish tamoyillaridan farq qilishini ta’kidlamoqda. Alyansning harbiy tamoyillari qo‘shinlarning tezkor manyovrlari, havoda ustunlikni qo‘lga kiritish va uzoq masofadan yuqori aniqlikdagi zarbalar berishga asoslanadi. Shu bois Ukraina tajribasini o‘rganish bilan birga, uning qaysi jihatlarini NATOning kelajakdagi harbiy rejalarida qo‘llash mumkinligini aniqlash ham muhim hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda NATO davlatlaridan biriga cheklangan hujum uyushtirib, alyansning qat’iyatini sinab ko‘rishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing