Shols Ukrainaga qo‘shin yuborishga qarshi chiqdi
Olam
−
05 dekabr
3477Avvalroq, Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘t ochishni to‘xtagan taqdirda nemis tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga yuborishni istisno etmasligini bildirgandi. Germaniya kansleri Olaf Shols esa Ukrainaga nemis qo‘shinlarini yuborishga qarshi chiqdi. Bu haqda u 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan ishonch votumi bo‘yicha ovoz berish oldidan Bundestag deputatlarining savollariga javoban ma’lum qildi.
Shols urushni tugatishni rejalashtirishga hali erta ekani va spekulyatsiyalar “mutlaqo o‘rinsiz”ligini ta’kidladi.
Bundestagdagi nutqi davomida Shols Ukrainaga uzoq masofali Taurus raketalarining yuborilishiga qarshi ekani haqidagi so‘zlarini takrorladi. Shunga qaramasdan, kansler Bundestag Mudofaa qo‘mitasi rahbari Markus Faberni ukrainalik harbiylarni Taurus'dan foydalanishga o‘rgatish taklifini “juda jasur fikr” deb izohladi. Faberning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar to‘rt oy davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya kansleri Olaf Shols joriy yilning 2 dekabr kuni Ukrainaga tashrif buyurgandi – bu uning so‘nggi ikki yarim yil ichida Kiyevga birinchi tashrifi bo‘lgan. Kiyevga poyezdda yetib borgan Germaniya hukumati rahbari Rossiya agressiyasini qaytarishda Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirishga va’da bergandi. Shols Kiyevga tashrifi davomida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan. Federal kanslerning tashrifi xavfsizlik nuqtai nazaridan oldindan e’lon qilinmagan, chunki Kiyev so‘nggi paytlarda tez-tez Rossiya havo hujumlari nishoniga aylangandi.
Xurshida Rajabova
LiveBarchasi