Ukrainaga 2025 yilda 126 mlrd dollar kerak – OAV

Olam

image

Kelgusi yilda urushni davom ettirish uchun Ukrainaga taxminan 126 milliard dollarlik harbiy yordam kerak bo‘lishi mumkin. Bu haqda bugun, 3 dekabr kuni “The Wall Street Journal” ukrainalik amaldorga tayanib xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Kiyevga harbiy yordam sifatida taxminan 120 milliard yevro, ya’ni 126 milliard dollarga teng mablag‘ kerak.

“Bu mablag‘ Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaning harbiy xarajatlari bilan tenglashish uchun zarur”, deyilgan xabarda.

Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 62 mlrd dollardan ortiq yordam ajratgan, shundan 61,4 mlrd dollar Rossiya maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin berilgan.

Rossiya bu yordamni tanqid qilib, qurol yetkazib berishni mojaroni hal etishga to‘sqinlik qiluvchi va NATO mamlakatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatga jalb qiluvchi qadam, deb baholagan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga qurol tashuvchi yuklar Rossiya uchun qonuniy nishon bo‘lishini ta’kidlagan. Uning aytishicha, AQSH va NATO nafaqat qurol yetkazib berish, balki ukrainalik harbiylarni tayyorlash orqali ham ziddiyatda faol ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya harbiylari tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarib olish uchun Ukraina armiyasining kuchi yetmasligini aytgandi. Zelenskiy NATOga a’zolik Ukraina xavfsizligi va farovonligi uchun yagona chora deb hisoblaydi. Qolaversa, u Yaponiya, AQSH, Janubiy Koreya va Ukrainaga yordam ko‘rsatgan va Rossiyaga sanksiyalar kiritgan ko‘plab Yevropa va boshqa mamlakatlarga minnatdorlik bildirgan hamda Ukrainani mustahkamlash uchun ko‘proq yordam kerakligini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina Kiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing