AQSH “Isroil modeli” bo‘yicha Ukraina xavfsizligini ta’minlaydi
Olam
−
08 iyul 2023
5711Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina NATOga a’zo bo‘lgunga qadar mamlakatga "Isroil modeli" bo‘yicha xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden CNN telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hali NATOga kirishga tayyor emas, bu jarayon barcha shartlarni bajarish uchun vaqt talab etadi. Amerika bu masalani Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan batafsil muhokama qilgan.
“Urushdan keyin bu jarayon davom etar ekan, Qo‘shma Shtatlar yordam beradi. Biz Isroilga berganimizdek xavfsizlik sohasida yordam berishga tayyormiz. Biz o‘zimizni himoya qilishimiz uchun zarur bo‘lgan qurollarni beramiz”, degan AQSH Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Isroil NATO a’zosi bo‘lmasada, Qo‘shma Shtatlar mamlakatga yordam berib keladi. Isroil o‘nlab yillar davomida Vashingtonning Yaqin Sharqdagi doimiy hamkori, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidan beri AQSH tashqi yordamining eng ko‘p oluvchisi sifatida Qo‘shma Shtatlar bilan alohida munosabatlarni saqlab kelmoqda. AQSHning Isroilga yordami 10 yillik kelishuvlarda belgilab qo‘yilgan. Ularning oxirgisiga ko‘ra, Vashington 2019-2028 yillar oralig‘ida 38 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini olgan.
LiveBarchasi