Germaniya va AQSH Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusini bloklaydi – “Bild”
Olam
−
10 iyul 2023
6348Germaniya va AQSH joriy yilning 11 iyul kuni Litvaning Vilnyus shahrida boshlanadigan NATO sammitida Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lish tashabbusini bloklashga harakat qiladi. Bu haqda Germaniyaning “Bild” nashri xabar berdi.
“AQSH va Germaniya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi rasmiy arizasiga to‘sqinlik qilayotganini tasdiqlay olaman”, deya yuqori doiralardagi manbasidan iqtibos keltirgan nashr.
Ta’kidlanishicha, ikkala davlat ham Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning Vilnyusdagi sammitda harbiy blokka qo‘shilish haqidagi iltimosini rad qilishni istayapti. Nashrga ko‘ra, Berlin va Vashingtonning bu bo‘yicha maqsadi bir. Shuningdek, ushbu ikki davlat alyansning qolgan a’zolariga ham Ukrainani ittifoqqa qo‘shmaslik bo‘yicha bosim o‘tkazishi aytilgan.
Ukraina ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Zelenskiy mamlakatini NATOga qo‘shish rejasiga erishish bo‘yicha aniq maqsad bilan Vilnyusdagi sammitga boradi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi haftada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vilnyus sammitida Ukrainaning NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashga undash maqsadida alyansga a’zo bir nechta davlatga tashrif buyurdi. Chunki ushbu tashkilotda biror qaror qabul qilish uchun uning barcha a’zolari bir ovozdan rozi bo‘lishi – konsensusga kelishi talab etiladi.
Zelenskiyning Bolgariya, Chexiya, Slovakiya va Turkiyaga amalga oshirgan safari bejiz ketmadi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina NATOga a’zo bo‘lishga haqli ekanini aytgan bo‘lsa, Portugaliya Ukraina rahbari bilan mamlakatning alyansga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha deklaratsiya tuzdi.
Shunga qaramay, AQSH va Germaniya Ukrainaning Rossiya bilan mojaro yakuniga yetmasidan avval NATOga qo‘shilishini yoqlamayapti. Chunki uning hozir Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi tashkilotning Rossiya bilan bevosita to‘qnashishiga olib keladi. Bu holatda Ukraina hududiga qilingan hujum butun NATOga qarshi tahdid sifatida baholanadi. Bu esa NATO va Rossiya o‘rtasida muqarrar urush degani.
LiveBarchasi