AQSH Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga qarshi chiqyapti. Nima uchun?

Olam

image

Ukrainaning mojaro tugamasidan avval NATOga qabul qilinishi alyans va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv kelib chiqishi tahdidini keltirib chiqaradi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Baydenning aytishicha, alyans ichida Ukrainani “NATO oilasi”ga qabul qilish bo‘yicha yakdil fikr yo‘q.

“Menimcha, alyansda Ukrainani NATO oilasiga qabul qilish yoki qabul qilmaslik borasida hozir, urush davom etayotgan bir paytda, konsensus mavjud emas”, deydi u.

U buni Ukrainaning Rossiya bilan mojaro tugamasidan avval NATOga qabul qilinishi tashkilot a’zolarining “biz hammamiz urushdamiz” va “Rossiya bilan urush holatidamiz” degan mujdani bildirganiga barobar ekani bilan izohlagan. Chunki NATO ta’sis shartnomasining 5-moddasiga ko‘ra, ittifoqning biror a’zosiga qilingan hujum uning barcha 30 ta a’zosiga nisbatan tahdid deya baholanadi. Bunda Bayden tushuntirganidek, AQSH NATO hududining “har bir dyumini” himoya qilishga majbur bo‘ladi.

Shuningdek, Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Putin 2021 yil Jenevadagi sammitda undan Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligi bo‘yicha kafolat so‘ragan, biroq AQSH rahbari buni rad qilgan.

“Ikki yil oldin Jenevada Putin bilan birinchi marta uchrashganimda, u shunday degandi: “men Ukraina NATOga qo‘shilmasligi bo‘yicha majburiyatingizni olmoqchiman”. Men aytdimki, biz bunday qilolmaymiz, bizda ochiq eshiklar siyosati bor, hech kimning ko‘ksidan itarmaymiz”, dedi AQSH Prezidenti.

Ma’lumot uchun, Bayden ertaga, 9 iyul kuni Litvaning Vilnyus shahrida bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida qatnashish uchun Yevropaga bir haftalik tashrif bilan uchib ketadi. Mazkur sammitda asosiy masalalar sifatida Ukraina urushi va uning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi muhokama qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO rahbari Yens Stoltenberg Ukraina Vilnyus sammita ushbu harbiy blokka qo‘shila olmasligini aytgandi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Kiyev NATOga qo‘shilishga haqli ekanini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing