Andijondagi suitsid, Ferrari haqidagi xomxayol, Ortiqxo‘jayev hokimiyatiga kelgan Mercedes mashmashasi – bugun nimalar bilan esda qoldi?
Tahlil
−
03 dekabr 2021
17425Jamiyat
Andijonda fuqaro o‘zini osib qo‘ydi
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon tumani, “O‘rikzor” MFYda yashovchi Q.M. yashash xonadonida arqon bilan o‘zini-o‘zi osgan holda o‘z joniga qasd qilib, voqea joyida vafot etgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Andijon viloyati prokuraturasi mazkur hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Andijon tuman prokurori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mirziyoyev hokimlarga: “Hammasi o‘zingni odaming. Qani jazo muqarrarligi?”
O‘zbekistonda uy-joy qurilishi faqatgina hokimlarga yaqin bo‘lgan kompaniyalarga topshirilmoqda. Bu haqda kecha, 2 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorda aytib o‘tdi.
“Viloyat hokimlari va ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari uy-joy qurilishi uchun pudratchi tanlashda 2-3ta tashkilot bilan cheklanmoqda. Chunki hammasi o‘zingning odaming. Qani qonun ustuvorligiga jazo muqarrarligi?
Shu bois kelgusi yildan davlat hisobidan bo‘layotgan qurilishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Respublika va viloyat shtablari tuziladi. Ular qurilish narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik ustidan qattiq nazorat o‘rnatadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
OTM professor-o‘qituvchilariga qo‘yiladigan talablar o‘zgartirildi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan “Davlat oliy ta’lim muassasalarida yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirish uchun ularning moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari va o‘quv-metodik ta’minotiga qo‘yiladigan minimal talablarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 2021 yil 22 iyundagi PQ-5157-son "2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Videosi tarqalgan deputat ayolning vakolati tugatildi
Bugun, 3 dekabr kuni Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya deputatlarning tashabbusi bilan chaqirildi. Bu haqda tuman hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda bitta masala, tuman Kengashining 30-“Uyshun” saylov okrugidan saylangan deputat Feruza Babashevaning deputatlik vakolatini muddatidan ilgari tugatish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, sessiya ishida xalq deputatlari tuman Kengashi “Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiya” raisi Dilorom Zulyorovaning axboroti eshitildi.
DSI boshlig‘i o‘rinbosarining o‘limiga sabab bo‘lgan IIB xodimlariga jazo tayinlandi
Bugun, 3 dekabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi binosida tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Ahmedovning o‘limida ayblanganlar ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda sudlanuvchilar M. Qo‘chqorov (1987 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va Sh. Rahimberdiyev (1990 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-otryad katta inspektori lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
IIO xodimlariga BMW, Mercedes Benz va Ferrari olib berish kerak – Sherzodxon Qudratxo‘ja
O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlariga eng so‘nggi rusumdagi BMW, Mercedes Benz va Ferrari avtomobillarini olib berish taklif qilindi. Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Sherzodxon Qudratxo‘ja shunday fikr bildirdi.
“Men ko‘p chet elda yuraman, yaqinda Turkiyada bo‘ldim, eski binosining oldida xavfsizlik xizmati xodimlari chiroyli otlarda yuribdi. Toshkentda ham ko‘rib qolaman — ko‘chalarimizda, bulvarlarimizda yigitlar, qizlar otda yursa, odamlarda yurtiga, tarixiga hurmat paydo bo‘ladi. Biz Amir Temur avlodlarimiz, Bobur Mirzo avlodlarimiz. Qonimizda qanday sarkardalar qoni bor”, degan Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Olam
Berlinda Merkel bilan xayrlashish marosimi o‘tkazildi
Berlinda, Germaniya Federativ Respublikasi Mudofaa vazirligi hovlisida Angela Merkelni hukumat rahbari lavozimidan kuzatishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
An’anaga ko‘ra, yuqori martabali siyosatchi vidolashuv marosimi uchun bir nechta musiqani tanlashi mumkin. Merkel nemis pank-rok qo‘shiqchisi Nina Xagenning “Sen rangli tasmani unutding” (Du hast den Farbfilm vergessen) qo‘shig‘ini tanladi. Merkelning so‘zlariga ko‘ra, bu qo‘shiqchining ijodi “yoshligidagi eng yorqin voqealardan biri” edi.
Tezkor: Ilk bor O‘zbekiston fuqarosida “omicron” virusi aniqlandi
Janubiy Afrika davlatlarida paydo bo‘lib, dunyo bo‘ylab “sayohatini boshlagan” koronavirusning yangi “omicron” shtammi Janubiy Koreyada ham aniqlandi. Bu haqda “The Korea times” Koreyaning kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish agentligiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 24 noyabr kuni Nigeriyadan Janubiy Koreyaga qaytgan juftlikda “omicron” aniqlangan. Oradan bir necha kun o‘tib, ularni aeroportdan uyiga olib borib qo‘ygan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan tanishida ham virus tasdiqlangan.
Rossiya qator davlatlardan kelganlar uchun 14 kunlik karantin joriy qildi
Kecha, 2 dekabr kunidan boshlab Rossiyada Janubiy Afrika Respublikasi va unga qo‘shni davlatlardan kelayotgan fuqarolar uchun ikki haftalik karantin joriy etildi. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari Anna Popova ma’lum qildi.
“Federal turizm agentligi va Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday odamlar juda kam”, degan u.
Japarov iste’foga chiqadi. Agar...
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda joriy yilning 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari soxtalashtirish yo‘li bilan o‘tkazilgan bo‘lsa, iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda.
Japarovga ko‘ra, Qirg‘izistondagi parlament saylovlariga ham mahalliy, ham xalqaro kuzatuvchilar yuqori baho bergan.
“Agar qonunbuzarliklar bo‘lsa, Qirg‘izistonda ovozlar o‘g‘irlangan deb butun dunyoga jar solishardi. Bizda 31 ming uchastka saylov komissiyasi a’zosi bor. Tasavvur qiling ular tunda byulleten bilan yugurishyapti. Agar MSK, barcha uchastka saylov komissiyalari a’zolari hokimiyat tomonidan bosim bo‘lgani va ular ovozlarni soxtalashtirishga to‘g‘ri kelganini e’lon qilsa, men darhol iste’foga chiqaman. Asosiy protokolga ilovalarni qayta yozish tartibi har bir saylovda amal qiladi, chunki ularda xatolar bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, ovoz berishda byulletenlarning to‘g‘ri to‘ldirilganligi”, deydi Sadir Japarov.
Sport
Ronaldu faoliyatidagi 800-golni urdi
"Manchester Yunayted" klubi hujumchisi Ronaldu Angliya chempionatining 14-turidan o‘rin olgan “Arsenal”ga qarshi o‘yinda faoliyatidagi 800-golini urdi va ushbu natijaga erishgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylandi.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limi boshida “Qizil iblislar” Krishtianu Ronalduning goli evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi. Portugaliyalik futbolchi Reshfordning uzatmasini darvozaga aniq yo‘lladi va faoliyatidagi 800-golini kiritdi.
Kerrik MYUdan ketish sabablarini ma’lum qildi
“Manchester Yunayted”ning sobiq futbolchisi Maykl Kerrik klubni boshqaradigan Ralf Rangnik bilan suhbat tafsilotlari va jamoa murabbiyligidan ketishi sabablarini aytdi.
U bo‘lajak murabbiy bilan telefon orqali suhbatlashgan va u kelishidan avval jamoadan ketishga qaror qilgan.
“To‘g‘risini aytsam, suhbatimiz qisqa bo‘ldi. Ralf bilan muzokaralar oldidan ham ketishga qaror qilishimni bilardim. Men halol bo‘lishni xohlayman, shuning uchun bu shaxsiy adovat emas. Rangnikda yaxshi jamoa va o‘yinchilar bor”, – deydi Kerrik.
MYUning yangi bosh murabbiyi Ronalduni maydonga tushiradimi?
“Manchester Yunayted”ga yangi bosh murabbiy etib tayinlangan Ralf Rangnik “qizil iblislar” hujumchisi Krishtianu Ronalduning imkoniyatlarini yuqori baholadi.
“Murabbiy har doim jamoadagi futbolchilarga moslashishi kerak. Ronaldu? 36 yoshda bunday formadagi futbolchilarni ko‘rmaganman. Lekin gap faqat Krishtianuda emas, barcha futbolchilar va butun jamoa muhim. Ochig‘i, “Manchester Yunayted”da iqtidorli va tajribali futbolchilar bor. Yaqin orada jamoaga muvozanat olib kirishga harakat qilaman. MYU o‘rtacha hisobda har bir o‘yinda ikkita gol o‘tkazib yuboradi – bu juda ko‘p. Biz muvozanatni topishimiz kerak”, deydi Rangnik BBC’ga bergan intervyusida.
LiveBarchasi