Aliyev Islom diniga nisbatan zo‘ravonlikdan xavotirda
Olam
−
06 iyul 2023
5573Qur’oni Karimning yoqib yuborilishi va tahqirlanishi, bu harakatlarning so‘z erkinligi niqobi ostida oqlanishi mutlaqo mas’uliyatsizlikdir. Bu haqda kecha, 5 iyul kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Bakuda bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati muvofiqlashtiruvchi byurosining vazirlar yig‘ilishida so‘zlagan nutqida so‘z ochgan.
Uning qayd etishicha, madaniyatlararo va dinlararo muloqotni rivojlantirish kun tartibida birinchi o‘ringa chiqishi kerak.
Aliyev so‘zida davom etarkan, muqaddas Islom dinining zo‘ravonlik va terror bilan tenglashtirilishidan xavotirda ekanini urg‘ulagan.
“Biz islomofobiya va ksenofobiyaning kuchayishi, shuningdek, Islomni zo‘ravonlik va terror bilan tenglashtirishga urinishlardan xavotirdamiz. Daniya, Niderlandiya, Shvetsiyada Qur’oni Karimning yoqib yuborilishi va tahqirlanishi, bu harakatlarni so‘z erkinligi niqobi ostida oqlanishi mutlaqo mas’uliyatsizlik, qabul qilib bo‘lmaydigan narsa va qoralanishi kerak”, deydi Ozarbayjon Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida 37 yoshli iroqlik muhojir tomonidan Qur’on kitobi yoqib yuborilgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar noroziligini bildirdi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qur’onning yoqilishi dinlararo adovat qo‘zg‘ashini aytib, bu holat jinoyat deya baholanishini hamda unga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Putinga uning Dog‘istonga safari davomida Qur’on sovg‘a qilishgandi.
Rasmiy Anqara ham Qur’onning yoqilishi yuzasidan Shvetsiyaga nisbatan noroziligini bildirib, ushbu mamlakat uchun NATOga a’zo bo‘lish “orzu” bo‘lib qolishini ma’lum qilgandi.
Yevropa Ittifoqi Shvetsiyadagi voqealar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib, muqaddas kitoblarning yoqilishi haqorat, hurmatsizlik va ochiq-oydin provokatsiya ekanini bildirgan. Shuningdek, Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya Ittifoq fikrini aks ettirmasligi ma’lum qilgan.
AQSH ham Qur’onning yoqilishini qoralab, Shvetsiyadagi musulmonlarning huquqlaridan xavotirda ekanini bildirgan.
Iroq Qur’onni yoqqan odam uning fuqarosi ekanini da’vo qilib, Shvetsiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab etgandi. Iroqda, shuningdek, futbol bo‘ycha milliy chempionatning “Al-Shorta” va “Al-Qosim” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Shvetsiyada Qur’onning yoqilishiga qarshi aksiya o‘laroq futbolchi va hakamlar maydonga Qur’on kitoblari bilan chiqishdi.
2 iyul kuni esa Islom hamkorlik tashkilotida Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgandi.
3 iyul kuni Rim papasi Fransisk Shvetsiyada Qur’on yoqilishini keskin qoralab, bu holat uni g‘azablantirganini ma’lum qildi.
Bugun, 5 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’onning yoqilishini qoraladi.
LiveBarchasi