AQSHdan Rossiyaga navbatdagi zarba. Bayden Rossiyadan yuz o‘girishga chorlamoqda
Olam
−
11 mart 2022
18359AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 11 mart kuni AQSH G7 va Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Rossiya bilan normal savdo aloqalarini to‘xtatishga chaqirishini e’lon qiladi. Bu haqda CNN o‘z manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bayden AQSH G7 va Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Rossiyadan “Eng imtiyozli millat” maqomini olib tashlashni talab qilishini e’lon qiladi.
Har bir davlat bu chorani o‘zining milliy jarayonlaridan kelib chiqib amalga oshirishi kutilmoqda.
CNN tarqatgan xabarda AQSH Kongressining Rossiya bilan doimiy normal savdo aloqalarini bekor qilishga qaratilgan sa’y-harakatlari xususida ham so‘z ochilgan.
Qayd etilishicha, Baydenning bayonotidan keyin Kongress qonun loyihasini taqdim etadi.
Bu harakat Rossiya importiga bojlarni oshirish yo‘lini ochib beradi, shuningdek, sanksiyalar AQSH va Buyuk Britaniyaning Rossiyadan neft importini taqiqlash qarorini to‘ldiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden Vashington Rossiyadan barcha turdagi energiya importiga taqiq qo‘yyishini ma’lum qildi. AQSH Kongressining Vakillar palatasi 9 mart kuni Rossiyadan energiya resurslari importini taqiqlash va AQSH rasmiylari tomonidan Rossiyaning Jahon savdo tashkilotidagi (JST) ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi