Afg‘onistonda go‘zallik salonlarining faoliyati taqiqlandi
Olam
−
04 iyul 2023
4735“Tolibon” Qobul va Afg‘onistonning boshqa viloyatlarida go‘zallik salonlarining faoliyatini taqiqladi. Bu haqda “Khaama Press” xabar berdi.
Afg‘oniston Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligiga ko‘ra, mamlakatdagi go‘zallik salonlarini bir oy ichida yopish bo‘yicha topshiriq berilgan. Bu afg‘on ayollarining jamoat joylariga kirishiga nisbatan qo‘yilgan so‘nggi cheklov hisoblanadi. Bu muddatdan keyin ham faoliyatini yuritishda davom etadigan salonlarga berilgan litsenziyalar va shartnomalar haqiqiy emas, deb hisoblanishi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 2001 yilda “Tolibon” hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng, 11 sentyabr voqealaridan bir necha hafta o‘tib Qobul va Afg‘onistonning boshqa shaharlarida ilk go‘zallik salonlari paydo bo‘lgandi. 2021 yilning avgust oyida “Tolibon” Afg‘oniston hukumati tepasiga ikkinchi bor kelganidan so‘ng dastlabki paytlarda ba’zi go‘zallik salonlariga o‘z belgilari va derazalarini yashirgan holda faoliyat yuritishga va ayollarni ish bilan ta’minlashga ruxsat berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda allaqachon qizlar uchun ta’lim muassasalari, jumladan, maktablar va universitetlar yopilgan. “Tolibon” tomonidan afg‘on ayollarining xalqaro va milliy nohukumat tashkilotlarda ishlashi ham man etilgan. Ommaviy axborot vositalariga esa ayollar ovozi bilan efirga uzatiladigan tijoriy e’lonlarni berish taqiqlangan. Avvalroq mamlakatdagi ayollar sartaroshxonalariga kosmetika vositalaridan foydalanishda qator cheklovlar joriy etilgandi. Bundan tashqari, afg‘onistonlik ayollar ochiq havodagi restoranlarga borishi ham mumkin emas. Joriy yil aprel oyida nishonlangan Ramazon hayitida, hatto, ayollarning ko‘chaga chiqishi ham taqiqlangandi. Bunday cheklovlar nafaqat ayollarga, balki erkaklarga nisbatan ham joriy qilingan. Masalan, erkaklar uchun ayollarning kiyimlarini tikish taqiqlangan. Shuningdek, Afg‘onistonda ayollarni erkak shifokorlar davolashi ham mumkin emas.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyati ostida so‘nggi paytlarda o‘smir qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygan. Shunga qaramay, “Tolibon” yaqinda mamlakat ayollarining “erkin inson” maqomi tiklanganini e’lon qildi.
LiveBarchasi