Afg‘onistonda erkaklarga ayollar uchun kiyim tikish taqiqlandi

Olam

image

Afg‘oniston muvaqqat hukumati – “Tolibon” erkak tikuvchilarga ayollar uchun kiyim tikishni taqiqladi. Bu haqda “Tolonews” nashri xabar berdi.

Parvon viloyatining markazi Charikar shahridagi bir nechta erkak tikuvchining aytishicha, ular Fazilat va vitse-departament rasmiylaridan ayollar uchun kiyim tikishni taqiqlovchi og‘zaki buyruq olgan. Shundan so‘ng faqat ayollarga xizmat ko‘rsatadigan tikuvchilar o‘z do‘konlarini yopishga majbur bo‘lgan.

“Do‘kon ijarasi – 10 000 afs (113 dollar) va boshqa xarajatlar ham bor. Biz ularni ayollar kiyimini tikish orqali qoplardik”, deydi tikuvchi Muxtor Sekandariy.

“Parvon” tikuvchilik uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatdagi tikuvchilarning aksariyati cheklovlar natijasida ishsiz qolgan, ayrimlari esa mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.

Biroq mahalliy rasmiylar bu da’voni inkor etib, tikuvchilarga faqat ba’zi bir ko‘rsatmalar berilganini aytgan.

“Ularga kiyim-kechak tikishga ruxsat berilgan va ular uchun mahalliy to‘siqlar yo‘q, lekin ayollarning o‘lchamini erkaklar olishi mumkin emas”, deydi Parvon hokimi Hikmatulloh Shamim.

Qayd etilishicha, mamlakatdagi ishsizlik va qashshoqlikning kuchayishi oqibatida so‘nggi ikki yil ichida ko‘plab yoshlar noqonuniy yo‘l bilan boshqa davlatlarga ishlagani ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon ayollarga oid taqiq erkak tikuvchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing