Peskov Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish shartini aytdi
Olam
−
23 iyun 2022
18149Rasmiy Kiyev Moskva tomonining barcha talablarini bajarganidan keyin Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini tuzish mumkin bo‘ladi. Bu haqda TASS Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga asoslanib, xabar berdi.
“Tinchlik rejasiga kelsak, ha, bu Ukraina barcha talablarni bajarganidan keyin mumkin”, degan Dmitriy Peskov jurnalistlarning savoliga javob berar ekan.
Jurnalistlar shundan aynan qanday talablar borligi haqida aniq savol berganida, u “Ukraina hamma narsani juda yaxshi biladi”, deya javob qaytargan.
Ma’lumot o‘rnida, 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya viloyatida diplomatik forum bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ishtirokida Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba uchrashdi.
Sammitga Ukrainadan kelgan vakil Dmitriy Kulebaning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni Putinning shartlarini bajarishni talab qilmoqda, bu esa Ukrainaning taslim bo‘lishini anglatadi. Kiyev esa bunga rozi bo‘lmaydi.
Ma’lumot uchun, Putin Ukrainaga qarshi o‘zi boshlagan urushni tugatish uchun hech tortinmay shartlar qo‘ygan. Kreml “xojasi” avvalo “Rossiyaning xavfsizlik sohasidagi qonuniy manfaatlari so‘zsiz hisobga olinishini istamoqda. Shuningdek, quyidagi talablar ham bor:
• Rossiyaning anneksiya qilingan Qrim ustidan suverenitetini tan olish;
• Ukraina davlatini demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilish vazifalarini hal qilish;
• Kiyev o‘z xohishi bilan NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortib, Ukrainaning neytral maqomini ta’minlash;
• DXR va LXRni tan olish.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi