Maryam Tillyayeva, Sardor Rahimxon, Abdulaziz Komilov... Tugayotgan hafta “trend”ga chiqqanlar
Tahlil
−
01 may 2022
19737Yakuniga yetib borayotgan hafta davomida O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda ko‘plab voqealar yuz berdi. Andijon aholisini “Andijon polkasi"ga o‘ynatayotgan Abdurahmonov, olomon tomonidan pomidor uloqtirilgan Makron, lavozimidan ozod etilgan Abdulaziz Komilov, behayo suratidan afsudaligini aytgan Maryam Tillayeva, majburiy mehnat sodir yetganini tan olmagan Jamoat xavfsizligi universiteti shular jumlasidandir.
Hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZʼda tanishing.
AQSH da “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidi qurilishi boshlandi
Joriy yilning 24 aprel kuni O‘zbekistonlik bir guruh imom-xatiblar AQSHning Ogayo shtatidagi Sinsinnati shahrida vatandoshlar tomonidan qurilishi boshlanayotgan “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidi tamal toshini qo‘yishda ishtirok etdi.
Isroil Livan hududiga hujum qildi
Isroil mudofaa kuchlari artilleriyadan Livan janubidagi nishonlarga hujum qildi. Bu haqda Isroil harbiylari xabar bergan.
“Isroil artilleriya kuchlari hozirda Livandagi nishonga hujum qilmoqda va Isroil hududiga [raketa] uchirilishiga javoban o‘q uzmoqda”, deyiladi bayonotda.
Toshkentda 29 yoshli stomatolog yigit OITS bilan kasallanganini bila turib, bemorlarni davolashda davom etgani aniqlandi
2021 yilning dekabr oyida yigit Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari tomonidan nazoratga olinib, unga shifokor tomonidan O‘zbekistonning OIV to‘g‘risidagi qonuni haqida tushuntirish berilgan. U kasallikni bila turib, qoidalarga rioya qilmagani aniqlangan. Ma’lumotga ko‘ra, yigit bu kasallikni ijtimoiy tarmoq orqali tanishgan bir qizdan yuqtirgan.
Yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda sanksiyasiga ko‘ra, aybdor besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
“Hamma raqsga tushsin”. Abdurahmonov andijonliklarni nog‘orasiga o‘ynatmoqda
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov o‘zini haqiqiy andijonlikman, deb bilganlarga “Andijon polkasi”ga har kuni raqsga tushishni buyurdi.
Hokim topshirig‘iga asosan “Andijon polkasi” kuyi yaratilganining 100 yilligi va shu nomdagi xalq raqs ansambli tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan barcha tashkilot, muassasa, umuman olganda o‘zini andijonlikman, deb bilganlar butun jamoasi, hamkasblari bilan “Andijon polkasi”ga raqsga tushishni odat qilish buyurilgan va “Andijon polkasi” oyligi e’lon qilingan.
Bu ham yetmagandek, tadbirlarning foto va yozma axboroti har hafta viloyat hokimligining turizm kotibiyatiga taqdim etish so‘ralgan.
Olomon ichidagi Makronga pomidor otishdi
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron joriy yilning 27 aprel kuni Serji munitsipalitetiga safari chog‘ida pomidordan “o‘qqa tutildi”. Bu haqda BFMTV xabar bergan.
Telekanal tomonidan efirga uzatilgan kadrlarda bir nechta pomidor katta olomonning markazida bo‘lgan Makron tomon uchib kelayotgani, shundan so‘ng Prezident qo‘riqchisi uni himoya qilish uchun tezda Fransiya rahbarining boshi ustida soyabon ochganini ko‘rish mumkin.
Tushmi yo o‘ng? O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 270 dollarga yetgani aytildi
Joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3,42 million so‘mni (270 AQSH dollari) tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,1 foizga ko‘pdir. Ishonish qiyin bo‘lsa-da bu haqdagi ma’lumotlarni Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Abdulaziz Komilov Tashqi ishlar vaziri lavozimidan ketdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan Tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Abdulaziz Hafizovich Komilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining Tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek, Vladimir Imamovich Norov O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, uning zimmasiga Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish yuklatildi.
Abdulaziz Komilov 17 martdan buyon ko‘rinish bermay kelayotgan edi. O‘sha kuni Senatning yalpi majlisida qatnashgan Abdulaziz Komilov rasmiy Toshkent o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasini tan olmasligini, shuningdek Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bundan keyin Komilov hech yerda ko‘rinish bermadi. Oradan 12 kun o‘tib, 29 mart kuni uning xasta ekani va xorijda davolanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Abdulaziz Komilovning salomatli, uning davolanishga aynan so‘nggi bayonotdan keyin ketishi ko‘plab savollarni va gap-so‘zlarni keltirib chiqardi. Hatto, Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birlashtirilishi mumkinligi haqida mish-mishlar bolaladi. Hozirgacha Komilovning qayerdaligi va xastalikdan tuzalib, O‘zbekistonga qaytgan-qaytmagani ma’lum emas.
Bilsa yolg‘on, bilmasa chin. Inspeksiyaning ham JXU bilan tili birmi?
Xabaringiz bor, joriy yilning 21 aprel kuni QALAMPIR.UZʼda “Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda 20 aprel kuni Olmazor tumani, Qora-qamish 2/4 dahasida oq ko‘ylak, qora shim (forma) kiygan bir guruh yigitlar qo‘llarida chelak, “lopatka” ko‘tarib hududni tozalayotgani, majburiy mehnatga jalb qilingani haqida so‘z borgandi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu maqola ortidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining topshirig‘iga asosan, Davlat mehnat inspeksiyasi hamda Milliy gvardiya mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan 8 kunlik tekshiruv yakunlarini e’lon qildi. Aytilishicha, yuqoridagi holat majburiy mehnat emas, (!) balki talabalar o‘z xohishlariga ko‘ra obodonlashtirish ishlarida qatnashgan.
Shu o‘rinda mantiqli savol paydo bo‘ladi: talabalar ixtiyoriy mehnatga jalb qilingan ekan, nima uchun ular kamerani ko‘riboq, barcha ishini tashlab qochdi? Ular nimadan qo‘rqdi?
Mehnat ixtiyoriy va darsga ta’sir qilmagan holda bo‘lgan ekan, nima uchun Jamoat xavfsizligi universitetining maxsus fakultet boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari o‘zini hokimlik vakili, talabalarni esa, hokimiyatdan kelgan obodonlashtirish xodimlari deb tanishtirdi?
Aytilishicha, o‘rganish davomida, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida qatnashgan universitetning 22 nafar talablaridan tegishli tartibda holat yuzasidan tushuntirishlar olingan. Vaholanki, majburiy mehnat haqida QALAMPIR.UZ talabalarning o‘zi qo‘llarida supurgi va chelak ko‘tarib murojaat qilishgan. Ustiga-ustak universitet xodimi ularni talaba ekanini tan olmay, voqea joyidan olib ketgan.
Bu masalada Davlat mehnat inspeksiyasi hamda Milliy gvardiya mas’ul xodimlari ishtirokida tekshirish ishlari o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Ammo nima uchun tekshirish ishlarini olib borganlar aynan o‘sha materialni e’lon qilgan tahririyat xodimlaridan bironta ham qo‘shimcha ma’lumot so‘rashmadi va bu ishda jamoatchilik nazorati o‘rnatilmadi? Qo‘shimcha tariqasida shuni aytish kerakki, QALAMPIR.UZʼda majburiy mehnat sodir bo‘lganini tasdiqlovchi boshqa dalillar ham mavjud.
Yeb qo‘ygan, o‘g‘irlik qilgan, harom yurgan joyimiz yo‘q – Sardor Rahimxon QALAMPIR.UZ ga eksklyuziv intervyu berdi
“Yurak amri” xayriya jamoat fondi asoschisi Sardor Rahimxon qo‘shiq aytib yurgan kezlari kuniga 3-4 ming AQSH dollari daromad topgan va shunga qaramay, u sohadan ketish yo‘lini tanlagan. Bugun esa fond faoliyati, unga kelib tushayotgan mablag‘larning to‘g‘ri va maqsadli sarflanishiga shubha bildirayotganlarga, fond ochishdan avval ham, undan keyin ham bitta uyi ikkita bo‘lmagani, mashinasini o‘zgartirmagani, aksincha, fondga kelib tushayotgan pullar qilinayotgan xayrli ishlarning bor-yo‘g‘i 30-40 foizini tashkil etishi aytdi. Bu haqda u QALAMPIR.UZ ga bergan eksklyuziv intervyusida so‘z ochgan.
“Meni fohisha deyishdi, o‘lim tilashdi, tahdid qilishdi”. Islom Karimovning nabirasi behayo surati qanday tarqalganini aytib berdi
Xabaringiz bor, o‘tgan yilning oxirlarida ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillayevaning sobiq eri Amiran Sardarov bilan nomaqbul surati tarqalgandi. Tillyayevaning na o‘zbek madaniyatiga va na bobosi sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan ushbu surati tarmoqda anchagacha muhokama qilindi. Maryam Tillyayeva surat qanday tarqalganiga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ish sobiq turmush o‘rtog‘i Amiranning xohishi asosida amalga oshirilgan. Amiraning maqsadi ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarish bo‘lgan.
Maryam Tillayeva hammasi uchun afsusdaligi, bu ishga sobiq turmush o‘rtog‘ini sevgani uchungina rozi bo‘lganini aytgan.
“Amiran menga ijtimoiy tarmoqlarda shunday ishlanadi, deb aytdi. Men hech narsani tushunmasdim. Bu xayp edi. Biroq men uni qo‘llab-quvvatlashim kerak edi. U hammasini biz uchun qilayotganini aytdi. Men yig‘ladim. Hozir o‘sha ishni o‘ylasam, afsuslanaman.
O‘sha vaqtda u ota-onam bilan munosabatlarimizni butunlay buzdi. U o‘zining xohlagan narsasiga erishdi. Oilam va do‘stlarimdan uzoqlashtirdi. Men bo‘lsa qattiq depressiyaga tushgandim va nima bo‘layotganini tushunmasdim", deydi Tillyayeva.
BMT Bosh kotibi Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashdi
Joriy yilning 28 aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashdi. Bu haqda Zelenskiy Twitter'dagi sahifasida xabar berdi.
BMT Bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Zelenskiy bilan Mariupoldan evakuatsiya masalasini qizg‘in muhokama qilingan.
Jahon tillari universitetida talaba o‘z joniga qasd qildi
Joriy yilning 29 aprel kuni soat 08:10 larda Uchtepa tumanida joylashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ma’muriy binosini 4-qavatidan Namangan viloyatida 2001 yilda tug‘ilgan 2-kurs bosqichi talabasi (erkak) o‘zini pastga tashlab, o‘z joniga qasd qilgan.
Hozirda sodir etilgan hodisaning aniq sabablarini aniqlash maqsadida Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
1 maydan O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar oshiriladi
Joriy yilning 1 mayidan boshlab O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar 12 foizga oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda tegishli farmonni imzolaganini aytdi.
Farmonga muvofiq, eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14 foizga oshiriladi (440 ming so‘mdan 500 ming so‘mga).
Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston Ittifoq davlatiga qo‘shiladi – Lukashenko
Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston Ittifoq davlatiga qo‘shiladi – Lukashenko
Rossiya va Belarus Ittifoq davlatiga kelgusida sobiq SSSR tarkibiga kirgan boshqa respublikalar ham qo‘shiladi. Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev bilan uchrashuvda shunday provokatsion fikr bildirgan.
“O‘ylashimcha, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston ham iqtisodiy zaruriyatdan kelib chiqib, qo‘shiladi. Armanistonning ham boradigan joyi yo‘q”, degan Lukashenko.
Qayd etish kerakki, Lukashenko birinchi marta Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiyaga qo‘shilishi haqida fikr bildirmayapti. Bundan oldin rossiyalik jurnalist Vladimir Solovyovga bergan intervyusida u O‘zbekiston iqtisodiy zarurat tufayli Rossiya va Belarusning Ittifoq davlati tarkibiga kirishi mumkinligini aytgandi.
Urush qatnashchilariga 15 mln so‘mdan beriladi
9 may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarga 15 million so‘mdan beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Shuningdek, 1 iyundan boshlab urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarga har oyda oziq-ovqat va gigiyena vositalari xaridi uchun ularning pensiya va nafaqalariga 270 ming so‘m miqdorida ustama tayinlanadi.
Bundan tashqari, ularga kiyim-kechak xaridi uchun har yili 4 million so‘mdan kompensatsiya to‘lash tartibini joriy etiladi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, endi avval ishlamagan, “Saxovat” uylaridagi yashovchi 1 mingga yaqin yoshi ulug‘ kishilarga ham shaxsiy xarajatlari uchun qarilik nafaqasining 20 foizi to‘lab beriladi.
Ta’kidlanishicha, 1 oktyabrga qadar 20 dona ekzoskelet, 880 ta nogironlik aravachasi, 4 mingta ovozli termometr va tonometr, 6 mingta “aqlli” soat xarid qilinib, hududlarga yetkaziladi. Bunga 31 milliard so‘m ajratiladi.
Prezident hayit arafasida mahkumlarga afv e’lon qildi
Ramazon hayiti arafasida Prezident adashib jinoyatga qo‘l urgan, lekin aybini chuqur anglab, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaroni afv etish bo‘yicha farmonni imzoladi.
“Ramazon oyi – saxiylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik oyidir. Bu qutlug‘ ayyomda mehr-shafqatli, kechirimli bo‘lish hammamiz uchun ham farz, ham qarz”, degan Prezident videoselektor yig‘ilishda.
Erdo‘g‘an Umra ziyoratini ado qildi
Joriy yilning 29 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon bin Abdulaziz Al Saudning taklifiga binoan turmush o‘rtog‘i Emina Erdo‘g‘an bilan ikki kunlik ziyorat doirasida Saudiya Arabistoniga borgan. Dastlab Erdo‘g‘an Qirol Salmon bilan yopiq eshiklar ortida uchrashgan.
So‘ng, Turkiya Prezidenti Saudiya Arabistonida umra ziyoratini amalga oshirgan.
Qirol Salmonning buyrug‘i bilan Turkiya Prezidenti va delegatsiyasi uchun eshiklari ochilgan Ka’bada Erdo‘g‘an namoz o‘qigan.
LiveBarchasi