Bilsa yolg‘on, bilmasa chin. Inspeksiyaning ham JXU bilan tili birmi?
Jamiyat
−
28 aprel 2022
13067Xabaringiz bor, joriy yilning 21 aprel kuni QALAMPIR.UZ’da “Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda 20 aprel kuni Olmazor tumani, Qora-qamish 2/4 dahasida oq ko‘ylak, qora shim (forma) kiygan bir guruh yigitlar qo‘llarida chelak, “lopatka” ko‘tarib hududni tozalayotgani, majburiy mehnatga jalb qilingani haqida so‘z borgandi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu maqola ortidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining topshirig‘iga asosan, Davlat mehnat inspeksiyasi hamda Milliy gvardiya mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan 8 kunlik tekshiruv yakunlarini e’lon qildi. Aytilishicha, yuqoridagi holat majburiy mehnat emas, (!) balki talabalar o‘z xohishlariga ko‘ra obodonlashtirish ishlarida qatnashgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda 20 aprel kuni “Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi?” sarlavhasi ostidagi xabar tarqatilganligi va ushbu xabar yuzasidan mas’ullar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotganligini ma’lum qilgan edik.
O‘rganish davomida, mazkur obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida qatnashgan universitetning 22-nafar talablaridan tegishli tartibda holat yuzasidan tushuntirishlar olindi.
Ushbu maqolada ko‘rsatilgan holatlarni o‘rganish natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining harbiy xizmatchilari va harbiy xizmatchi hisoblanmaydigan talabalar tomonidan Olmazor tumani Qoraqamish-2/4 dahasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik holati aniqlanmadi”, deyiladi bayonotda.
Munosabatda qayd etilishicha, QALAMPIR.UZ jurnalisti bilan suhbatda o‘zini Olmazor tumani hokimligi xodimi sifatida tanishtirgan kishi Jamoat xavfsizligi universitetining maxsus fakulteti dekanining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. Agar bu majbiy mehnat bo‘lmasa, nega dekan o‘rinbosari o‘z ish joyidan or qilib, o‘zini hokimiyat xodimi deb tanishtirsin?
“Shuningdek, maqoladagi video lavhada universitetning maxsus fakultet boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ham ishtirok etganligi ko‘rsatilganligi holati bo‘yicha, talabalar o‘z xohishlariga ko‘ra Olmazor tumanida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borganligi, ular tomonidan nazorat amalga oshirganligini ma’lum qilindi.
Kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida universitet xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish hamda tegishli buyruq va topshiriqlarsiz ish yoki o‘qish vaqtida o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlar bilan shug‘ullanmaslikning oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i nomiga yozma ko‘rsatma berildi”, deyiladi bayonotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasida, harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat hisoblanmasligi belgilangan emish.
Shu o‘rinda mantiqli savol paydo bo‘ladi: talabalar ixtiyoriy mehnatga jalb qilingan ekan, nima uchun ular kamerani ko‘riboq, barcha ishini tashlab qochdi? Ular nimadan qo‘rqdi?
Mehnat ixtiyoriy va darsga ta’sir qilmagan holda bo‘lgan ekan, nima uchun Jamoat xavfsizligi universitetining maxsus fakultet boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari o‘zini hokimlik vakili, talabalarni esa, hokimiyatdan kelgan obodonlashtirish xodimlari deb tanishtirdi?
Aytilishicha, o‘rganish davomida, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida qatnashgan universitetning 22 nafar talablaridan tegishli tartibda holat yuzasidan tushuntirishlar olingan. Vaholanki, majburiy mehnat haqida QALAMPIR.UZ talabalarning o‘zi qo‘llarida supurgi va chelak ko‘tarib murojaat qilishgan. Ustiga-ustak universitet xodimi ularni talaba ekanini tan olmay, voqea joyidan olib ketgan.
Bu masalada Davlat mehnat inspeksiyasi hamda Milliy gvardiya mas’ul xodimlari ishtirokida tekshirish ishlari o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Ammo nima uchun tekshirish ishlarini olib borganlar aynan o‘sha materialni e’lon qilgan tahririyat xodimlaridan bironta ham qo‘shimcha ma’lumot so‘rashmadi va bu ishda jamoatchilik nazorati o‘rnatilmadi? Qo‘shimcha tariqasida shuni aytish kerakki, QALAMPIR.UZ'da majburiy mehnat sodir bo‘lganini tasdiqlovchi boshqa dalillar ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Senatda o‘tgan yig‘ilishda QALAMPIR.UZ jurnalisti Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayevdan Olmazor tumanidagi majburiy mehnat bilan bog‘liq holatdan xabari bor-yo‘qligini so‘ragan edi. General esa unda majburiy mehnat holati bo‘yicha ma’lumot yo‘qligini aytgan va shu bilan birga holat bo‘yicha tekshirish o‘tkazilayotganini, uning natijalari e’lon qilinishini qayd etgan.
LiveBarchasi