Hokimlik aldadi: Surxondaryoda ayollar majburan terimga chiqarilgani tasdiqlandi
Jamiyat
−
14 Oktabr 9956 3 daqiqa
Avvalroq, Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva ayollarni majburiy mehnatga, ya’ni paxta terimiga jalb etgani haqida xabarlar tarqalgach, tuman hokimligi munosabat bildirib, paxta terimiga chiqqan ayollarning “ko‘ngilli” ekanini, ularning “o‘z ixtiyori” bilan bunga rozi bo‘lganini iddao qilgandi. Endilikda esa o‘shanda ayollar rostdan ham majburiy mehnatga jalb qilingani o‘z tasdig‘ini topdi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ma’lum qilishicha, Qumqo‘rg‘on tumanida hokim o‘rinbosari Nigora Jumayevaning oila va xotin qizlar faollariga paxta terimiga terimchilarni jalb qilishga topshiriq bergani tasdig‘ini topib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismi asosida jarima qo‘llanilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha (20 mln so‘mdan 41 mln so‘mgacha) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvda hokim o‘rinbosari har bir xotin-qizlar faolidan kamida 2 nafar ayolni o‘zi bilan birga paxta terimiga olib chiqishni talab qilganini eshitish mumkin.
“Ertaga ertalab hamma soat 7 dan har bir faol o‘zi bilan birga kamida 2 nafardan terimchi ayollarni olib, dalaga borishi kerak. Shahar mahallalari olib chiqadigan xotin-qizlar bilan soat 6:30 da ko‘rishamiz. Avtobus shu yerda bo‘ladi. Ertalab 6:30 da paxtaga chiqqan bo‘lishi kerak. Soat 9:00 da Mahkamova keladigan bo‘lyapti. Shungacha biz tayyorlab, tozalab, terimchilar dalaga tushib ketgan bo‘lishi kerak.
Men olib kelmadim, meni ishim chiqib qoldi, degan narsani qilmanglar. Bosh vazir o‘rinbosari Mahkamova kelyapti, xazil o‘ynamanglar. Hamma jiddiy, vijdonan yondashingizlar. Hamma ertalab kelib, aytilgan narsalar bilan birgalikda ishlarni tashkil qilasizlar. Soat 7 da hamma dalada bo‘lishi kerak, kechikib 8 da sudralib yurmanglar”, deydi Nigora Jumayeva.
Tuman hokimligi esa buni ixtiyoriy deb atagandi. Hokimlikka ko‘ra, joriy yilning 22 sentyabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurib, u yerda “Ayollar bandligini ta’minlash, ishsizlikdan holi hududga aylantirish” borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishgan. Tashrif doirasida Munchoqtepa mahallasidagi “Munchoqtepa istiqboli” fermer xo‘jaligida “Mehnatim – faxrim” nomli tadbir tashkil etilgan. Tadbirda xotin-qizlar faollari bilan bir qatorda terimda ishtirok etayotgan ayollar ham qatnashgan. Ular “ixtiyoriylik asosida” tadbirda ishtirok etishi belgilangani da’vo qilingandi.
“Audioyozuvda Jumayeva tomonidan mahalla faollariga tadbirni mas’uliyat bilan tashkil etish hamda paxta terimida faol ishtirok etayotgan ko‘ngilli ayollarning belgilangan vaqtda dalada bo‘lishini ta’minlash haqida topshiriq berilgani aks etgan. Biroq ushbu topshiriqni majburiy mehnat sifatida talqin etish mutlaqo asossiz”, deya munosabat bergandi o‘shanda hokimlik.