TDTUda “NB” va “2” olgan talabalar tizimdan norozi. Universitet rahbariyati nima deydi? (video)
Jamiyat
−
22 noyabr 55507 2 daqiqa
QALAMPIR.UZ’ga Toshkent davlat tibbiyot universitetida 21 noyabr kuni talabalar “NB” va “2” baholarini yopish maqsadida ertalab soat 07:00 dan boshlab navbatda turgani, test tizimi ishlamay, talabalar esa markazdan chiqarib yuborilgani bo‘yicha murojaat kelib tushdi.
Murojaatga ko‘ra, test natijalari 0,8 koeffitsiyentga ko‘paytirilayotgani talabalar noroziligiga sabab bo‘lgan. Masalan, 75 ball to‘plagan talaba natija koeffitsiyenti qo‘llangach 60 ballga tushib, “qoniqarli (3)” baho olmoqda. Talabalar orasida “bu jarayon kimnidir ataylab qishki semestrga qoldirishmi?” degan savollar paydo bo‘lgan.
Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi muammolar muntazam ravishda takrorlanmoqda: navbatlar, tortishuvlar, hatto janjallar yuzaga kelmoqda. Ba’zilar nima qilishni bilmay, chalkash vaziyatda qolayotganini bildirgan. Yig‘ilgan talabalarning umumiy noroziligi sifatida vaziyatni tez fursatda hal qilish va ularning kursdan qolib ketmasligini ta’minlash so‘ralgan. Avvalgi – 60 foizlik baholash tizimiga qaytish bo‘yicha taklif ham bildirildi.
Talabalar, shuningdek, test markazi xodimlariga nisbatan ham e’tiroz bildirmoqda. Ba’zi xodimlarda tegishli diplom yoki malaka yo‘qligi, ular “tanish-bilishchilik” orqali ishga olingani haqida gaplar tarqalgan.
Tahririyat holatga aniqlik kiritish maqsadida universitet rahbariyati bilan bog‘landi. Rasmiy munosabatga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universitetida talabalar bilimini baholashda inson omili ta’sirini kamaytirish hamda korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida qoldirilgan mashg‘ulotlarni qayta topshirish jarayoni raqamlashtirilib, test markazida kompyuterlar orqali fanlar bo‘yicha qarzdorliklarni bartaraf etish imkoniyati yaratilgan. Qolaversa, test markazining ish vaqti 9:00 dan 18:00 gacha bo‘lishi e’tiborga olinsa, murojaatda keltirilgan holat test markazining ish vaqti boshlanmasidan oldin talabalar tomonidan sun’iy ravishda to‘planish hosil qilingan.
“Talabalar esa betoqatlik qilib, sun’iy ravishda ziddiyatli holatni yuzaga keltirishga uringan. Bu holatdan xabar topgan O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor, fakultetlar dekanlari va tegishli mas’ullar zudlik bilan test markaziga yetib kelib, u yerdagi vaziyatni qisqa muddatda tartibga soldi”, deya qo‘shimcha qilinadi munosabatda.
Shuningdek, universitet test markazi kirish joyi talabalar oshxonasi bilan bir joyda joylashganligi sababli tiqilinch holat yuzaga kelgani ma’lum qilindi. Bundan tashqari, ba’zi talabalar reja grafikdan tashqari o‘zlari qoldirilgan mashg‘ulotlarni topshirishga uringani aytildi.
Universitet ushbu holat yuzasidan ta’lim maskanida qayta topshirish jarayonlari boshqatdan ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, QALAMPIR.UZ’ga Toshkent davlat tibbiyot universitetining 2-kurs klinik ordinatura (rezidentura) bosqichida tahsil olayotgan talabalar murojaat yo‘llab, 3 oydan beri stipendiya olisholmayotgani haqida ma’lum qilgandi. QALAMPIR.UZ tomonidan e’lon qilingan maqoladan so‘ng, talabalarga stipendiya to‘lab berildi.
Live
Barchasi