Toshkentdagi universitet talabalari kechasi yotoqxonadan chiqarib yuborildi
Jamiyat
−
13:27 1936 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat texnika universiteti talabalarining talabalar turar joyidan chiqarib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlikka ko‘ra, Toshkent shahrining Talabalar shaharchasida Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi hozircha rasman foydalanishga topshirilmagan. Mazkur ob’ektning kadastr hujjatlari hali rasmiylashtirilmagan hamda undan foydalanish uchun zarur tegishli ruxsatlar olinmagan. Shu sababli, ob’ektga talabalarni rasmiy tartibda joylashtirish imkoni mavjud emas.
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshiradi hamda belgilangan tartibda yo‘llanma olganidan so‘ng turar joyga joylashtiriladi. Biroq tadbirkor tomonidan mazkur ob’ektda ayrim talabalar belgilangan tartibga rioya etilmagan holda, tegishli yo‘llanmasiz joylashtirilgani aniqlangan. Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga tegishli bo‘lmagan boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining ham ushbu ob’ektga joylashtirilgan holatlari kuzatilgan.
Mazkur holat aniqlangach, talabalarning xavfsizligi va ular uchun zarur sharoitlarni ta’minlash maqsadida barcha talabalar ob’ektdan chiqarilib, Toshkent davlat texnika universitetining mavjud bo‘sh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirilgan. Boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari esa tegishli mas’ullar orqali o‘z ta’lim tashkilotlariga qaytarilgan.
“Xorijiy talabalarni ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz, foydalanishga rasman topshirilmagan ob’ektda joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bois ular ham xavfsizlik choralari doirasida mazkur ob’ektdan chiqarildi”, deyiladi munosabatda.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda talabalar turar joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Shuningdek, ob’ektda issiq suv va isitish tizimlari hali to‘liq ishga tushirilmagan.
Vazirlikning bildirishicha, mazkur ob’ektning rasmiy ochilish marosimi ham hali o‘tkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda to‘liq yakunlanmagani sababli avgust oyida hududlarda o‘tkazilgan ochilish tadbirlari doirasida ushbu ob’ektdan foydalanish boshlanmagan. Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, ob’ekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi va talabalarni joylashtirish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi.
“Shu bilan birga, mazkur ob’ektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan to‘liq, ya’ni 100 foiz miqdorida qaytarib berildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, talabalarning mazkur ob’ektga belgilangan tartibga rioya etmagan holda tadbirkor tomonidan joylashtirilgani haqida universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor bo‘lmagan. Holat aniqlanganidan so‘ng talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida tegishli choralar ko‘rilgan.
Live
Barchasi