“Men Jane Doeman”: Endi sukut saqlamayman

Tahlil

−

Reklama
0:00

“Men Jeyn douman. O‘zbekistondanman. Yetti yoshda edim. U 38 yoshli mening jismoniy tarbiya o‘qituvchim edi”. 

“Men Jeyn douman. O‘zbekistonlikman. Men 9 yoshda edim, u esa 17 yoshda. U menga begona emas, o‘z amakivachcham edi”. 

“Men o‘zbekistonlik Jeyn Douman. O‘shanda men 5 yoshda edim, u esa 15 yoshda edi. Menga nisbatan zo‘ravonlik 13 yoshimgacha davom etdi. Oradan bir necha yil o‘tib, u vafot etdi. Buvim esa u qilgan zo‘ravonliklar uchun meni aybladi. Uning aytishicha, u menga ko‘ngil qo‘yganiga, yo‘ldan ozganiga o‘zim sababchi ekanman. Ammo 5 yoshli qizaloq balog‘atga yetgan erkakni qanday qilib yo‘ldan ozdirishi mumkinligini tushunmayman”. 

Siz eshitayotgan bu hikoyalar uyat va qo‘rquv sababli o‘z vaqtida aytilmay, yillar davomida sir saqlangan. Kimdir 5 yoshida qo‘shnisining tajovuziga uchraganini, boshqasi esa bolaligida eng yaqin qarindoshidan zo‘ravonlik ko‘rganini aytgan. Ayrimlar bu haqda ota-onasiga gapirganida yordam o‘rniga “uyat bo‘ladi, hech kimga aytma” degan javobni eshitgan. Yillar, hatto o‘n yilliklar davomida ichga yutilgan bu voqealar endi birin-ketin oshkor bo‘lmoqda. 

Bunday hikoyalarni birlashtirgan narsa #IamJaneDoe heshtegi. Dastlab AQSHdagi bir talaba qizni qo‘llab-quvvatlash uchun boshlangan fleshmob qisqa vaqt ichida xalqaro harakatga aylandi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan ham yuzlab foydalanuvchilar unga qo‘shilib, bolalikda boshidan kechirgan jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqida anonim hikoyalar qoldirdi. Ular orasida nafaqat ayollar, balki erkaklar ham bor. 

Xo‘sh Jeyn Dou kim? Nega bolaligida zo‘ravonlikka uchragan bolalarni shuncha vaqt hech kim eshitmadi? Ularni sukunatni buzishga nima majbur qildi va nega okean ortida sodir bo‘lgan voqea Markaziy Osiyoda ham aks-sado bermoqda?  

Bolalikni zulmatga aylantirgan hikoyalar 

Yuzi, familiyasi va hatto o‘z tarixi ham yo‘q. Faqat ismi bor – Jeyn Dou. Bugun bu nom boshidan kechirgan zo‘ravonlik haqida gapirishga qaror qilganlar, sukut saqlashdan charchaganlar uchun ommaviy ramzga aylandi. “Men Jeyn Douman” fleshmobi AQSHda boshlanib, keyin Qozog‘istonga yetib keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar yillar davomida ovoz chiqarib aytishga qo‘rqqan hikoyalarini anonim ravishda yoza boshladi.  Fleshmob Qozog‘istondan tashqari O‘zbekiston va Qirg‘iziston foydalanuvchilari orasida ham keng tarqalgan. 

Qozog‘istonlik ayollardan biri 8 yoshida akasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini yozgan. Boshqa bir foydalanuvchi – erkak kishi esa 5 yoshida katta yoshli qo‘shnisining tajovuziga duch kelganini, ammo bu haqda uzoq yillar hech kimga aytolmaganini bildirgan. Qirg‘izistonda ham shunga o‘xshash hikoyalar ko‘paydi. Ayrimlar 4 yoki 6 yoshida boshidan kechirgan voqealarni ilk bor ommaga aytib berdi.

Bu hikoyalarda zo‘ravonlik holatlari bolaning yaqin ijtimoiy muhiti – oila, qarindoshlar, qo‘shnilar va ta’lim muassasalari bilan bog‘liq turli vaziyatlarda tilga olingan. Zo‘ravonlikda gumon qilinayotgan shaxslar ko‘pincha jabrlanuvchilarga begona bo‘lmagan insonlardir. Postlardagi hikoyalarning o‘ntasidan to‘qqiztasida qizlar o‘zlariga tajovuz qilgan shaxsni taniganini aytgan. Ayrim holatlarda esa voqea bolalik yoki o‘smirlik davridan yillar o‘tib ham ularning xotirasida saqlanib qolganini anglash mumkin. 

“Bu uyatli holat – jim tur”. Odamlar nima deydi? 

Fleshmob Markaziy Osiyoga ham yetib kelgach, muhokamalar boshqa bir masalaga – bolalikdagi jinsiy zo‘ravonlikning oilalar ichida yashirilishiga qaratildi. 7 oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti deputati Elvira So‘raboldiyeva bu haqda parlament majlisida gapirdi. 

So‘raboldiyevaning aytishicha, qirg‘izistonlik anonim foydalanuvchilarning yozganlari va ularning soni jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ayrim postlarda zo‘ravonlik 4, 5 va 6 yoshda sodir bo‘lgani aytilgan. 

“Qirg‘izistondan bolaligidagi zo‘ravonlik haqida yozayotgan anonim foydalanuvchilar statistikasi odamni dahshatga soladi… Bu faqat Qirg‘iziston emas, balki Qozog‘iston va O‘zbekistondan ham qizlar bolalikdagi zo‘ravonliklar haqida yozishmoqda. U yerda yozilayotgan narsalar – dahshat. Yoshi – to‘rt, besh, olti yosh. Biz, bu faqat qizlar boshiga tushadigan ko‘rgilik deb o‘ylaymiz. Aslida esa o‘g‘il bolalar ham bu haqda anonim tarzda yozishmoqda… Shuning uchun pedofiliya mavzusi – mana nima sababdan bunchalik katta shov-shuvga sabab bo‘ldi – nihoyatda og‘riqli mavzu. Ko‘pchilik buni boshidan o‘tkazgan”, dedi u parlament majlisida. 

Uning aytishicha, ayrim oilalarda bolalar boshidan kechirgan voqeani aytib berganida ularni himoya qilish o‘rniga, oilaning sha’ni va obro‘sini saqlash uchun jim turish talab etilgan. 

“Ko‘pincha ota-onalar “uyat”, deb bu haqda gapirishni taqiqlaydi. Ammo bu insonda bir umr qoladigan jarohat. U ayolda ham, erkakda ham qoladi”, deydi So‘raboldiyeva. 

Deputat ota-onalarni farzandlariga nisbatan e’tiborli bo‘lishga chaqirib, zo‘ravonlik faqat qizlarga nisbatan sodir bo‘ladi, degan qarash noto‘g‘ri ekanini ta’kidlagan. 

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ham ijtimoiy tarmoqlardagi anonim murojaatlar fonida zo‘ravonlikka uchraganlarni militsiyaga murojaat qilishga chaqirgan. Vazirlik bunday murojaatlar qonun doirasida ro‘yxatga olinishi va ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan. 

Huquqshunos Nargiza Aliboyeva esa jinsiy zo‘ravonlik bir necha yil oldin sodir bo‘lgan bo‘lsa ham, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish mumkinligini aytgan. 
Uning tushuntirishicha, voqeadan 5, 10 yoki 15 yil o‘tib qilingan murojaat ham ro‘yxatga olinishi va tekshirilishi kerak. Bunda jabrlangan shaxsning ko‘rsatmasi, voqea haqida avval boshqalarga aytgani, saqlanib qolgan yozishmalar, suratlar, audioyozuvlar va boshqa dalillar ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. 

Huquqshunosga ko‘ra, jinoyatning huquqiy bahosi bolaning yoshi, gumon qilinuvchining yoshi, sodir etilgan harakatning xususiyati, zo‘ravonlik yoki tahdid bo‘lgan-bo‘lmagani va boshqa holatlarga qarab belgilanadi. 

Agar zo‘ravonlik yaqinda sodir bo‘lgan bo‘lsa, avvalo bolaning xavfsizligini ta’minlash va uni gumon qilinuvchi shaxs bilan aloqadan himoya qilish zarur. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va tibbiy muassasaga murojaat qilish tavsiya etiladi. 

Mutaxassis bolani ayblamaslik, unga bosim o‘tkazmaslik va voqeani qayta-qayta gapirishga majbur qilmaslik muhimligini ta’kidlagan. Saqlanib qolgan yozishmalar, xabarlar, suratlar va boshqa ehtimoliy dalillarni o‘chirmaslik hamda o‘zgartirmaslik kerak. 

O‘zbekistonda esa 12 oktyabr holatiga ko‘ra, mazkur fleshmob doirasida tarqalgan hikoyalar yuzasidan rasmiy munosabat haqida ma’lumot berilmagan. 

Jeyn Dou kim? 

Jeyn Dou – bu haqiqiy ism emas, balki shaxsini oshkor qilishni istamagan ayollarga nisbatan ishlatiladigan shartli nom. AQSHdagi Kornell universitetining sobiq talabasi ham aynan shu taxallus ostida tanilgan. U 2024 yilda universitet talabalarining 7 nafari tomonidan guruh bo‘lib zo‘rlanganini da’vo qilgan. Voqeadan so‘ng u kampus politsiyasiga murojaat qilgan, keyinchalik esa ruhiy jarohat sababli universitetni tark etganini bildirgan. 

Oradan ikki yil o‘tib, sobiq talaba nafaqat zo‘ravonlikda ayblanayotgan yigitlarni, balki universitet ma’muriyatini ham javobgarlikka tortishni talab qilib, fuqarolik sudiga da’vo kiritdi. Ish yuzasidan bildirilgan turlicha ko‘rsatmalar va tergov jarayoniga oid savollar ortidan ish Nyu-York shtati bosh prokurori nazoratiga o‘tkazildi. 

Ayolning haqiqiy ismi sir saqlangan. Sud hujjatlarida u “Jeyn Dou” deb qayd etilgan. Aslida, Jeyn Dou biror kishining ismi emas. AQSH va boshqa ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlarda shaxsi noma’lum yoki maxfiy saqlanishi kerak bo‘lgan ayollar shu nom bilan ataladi. Erkaklarga nisbatan esa “Jon Dou” iborasi ishlatiladi. 

Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Dunyoning turli mamlakatlaridagi ayollar #IamJaneDoe – “Men Jeyn Douman” xeshtegi ostida o‘zlari boshdan kechirgan jinsiy zo‘ravonlik haqida hikoya qilib, sobiq talabani qo‘llab-quvvatlay boshladi. 

Shu tariqa Jeyn Dou nomi birgina ish doirasidan chiqib, jinsiy zo‘ravonlik haqida sukut saqlashga majbur bo‘lgan ayollarning hikoyalari va ularni tinglash zarurati bilan bog‘liq ramzga aylandi. 

O‘zbekistonda Jeyn dou kim? 

Namangandagi 5 yoshli qizaloq bilan yuz bergan fojia hali hech kimning yodidan ko‘tarilmadi. Bu mudhish voqeadan bir yil avval esa shu viloyatning boshqa hududida 7 yoshli qizaloq to‘yda qarindoshi tomonidan zo‘rlangan edi. 

Afsuski, bu biz bilganlarimiz holos. 29 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulruh Agzamova so‘nggi to‘rt yil davomida O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan 445 nafar qiz zo‘rlangani haqidagi ma’lumotni ochiqladi. 

Bu raqamlar ortida bolaligidan ayrilgan va ko‘pincha bu haqda gapirishga uyaladigan   qizlarning taqdiri turibdi. 

AQSHdagi Kornell universitetining sobiq talabasining chiqishi ortidan boshlangan #IAmJaneDoe fleshmobida dunyoning turli mamlakatlaridan ayollar o‘zlari boshdan kechirgan jinsiy zo‘ravonlik haqida hikoya qilmoqda. 

Ular “Men Jeyn Douman” deyish orqali nafaqat bir ayolni qo‘llab-quvvatlamoqda, balki jabrlanuvchilarning ovozini eshitish va ularning shaxsiy daxlsizligini himoya qilishga chaqirmoqda. 

Balki bizning oramizda ham o‘z dardini yillar davomida ichiga yutib kelayotgan Jeyn Doular bordir? Ularni esa “uyat” deb og‘zini berkitib bo‘lmaydi. Bemorni isitmasi uni oshkor qilishidan avval davolash mumkin. Buning uchun esa uyalmang.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing