QALAMPIR.UZ surishtiruvidan keyin talabalarga stipendiya to‘lab berildi

Jamiyat

image

Avvalroq, QALAMPIR.UZ’ga Toshkent davlat tibbiyot universitetining (sobiq Toshkent davlat stomatologiya institutining) 2-kurs klinik ordinatura (rezidentura) bosqichida tahsil olayotgan talabalar murojaat yo‘llab, 3 oydan beri stipendiya olisholmayotgani haqida ma’lum qilgandi.  QALAMPIR.UZ tomonidan e’lon qilingan maqoladan so‘ng, universitet ma’muriyati rasmiy munosabat bildirdi.

Universitet 2024 yilning sentyabr va oktyabr oylari uchun 19 nafar klinik ordinatorlarga stipendiya to‘lab berilmaganini tasdiqladi. 

“Lekin hozirgi kunda ushbu masala yuzasidan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, talabalarga stipendiyani to‘lab berish choralari ko‘rilyapti”, deyiladi rasmiy munosabatda. 

Universitet hozirgi kunda klinik ordinaturaning o‘quv jarayonlari natijalariga ko‘ra, ko‘pchilik 1-kurs klinik ordinatorlari yillik attestatsiyasidan o‘ta olmagani sababli, ularga bir necha marotaba qayta topshirishga imkoniyat berilgani, ular yillik attestatsiyasidan o‘tishi uchun so‘nggi marotaba joriy yilning 8 noyabr kuni imtihon topshirganini ham qo‘shimcha qilgan. 

“Bugungi kunda attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan va qarzdorlikni bartaraf etgan klinik ordinatorlarni navbatdagi kursga (1-kursdan 2-kursga) o‘tkazish hamda ularga stipendiya tayinlash to‘g‘risidagi buyruqlar rasmiylashtirildi va o‘rnatilgan tartibda stipendiya to‘lovlari to‘liq amalga oshiriladi. Klinik ordinatura to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, akademik qarzdorligi mavjud bo‘lgan klinik ordinatorlarga stipendiya to‘lovlari amalga oshirilmaydi”, deyiladi oliygoh ma’muriyati munosabatida.

Bizga murojaat qilgan talabalar esa 2025 yil sentyabr, oktyabr va noyabr oylarida olishi kerak bo‘lgan stipendiyalar tashlab berilganini ma’lum qildi. Ularning aytishicha, mas’ullar tomonidan aslida o‘tgan yili tashlab berilishi kerak bo‘lgan pullar ham yaqin vaqt ichida qoplanishi aytilgan. 

“3 oylik stipendiya tashlab berildi. O‘tgan yilgi pullarni ham tashlab berisharkan”, dedi talabalardan biri.


Maqola muallifi

Teglar

stipendiya tibbiyot universiteti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing