Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?
Jamiyat
−
21 aprel 2022
12876Senat hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi raisi Tanzila Norboyeva yoki boshqa amaldorlar “O‘zbekistonda majburiy mehnat tarixda qoldi”, deb qancha bong urmasin, joylarda, nafaqat chekka hududlarda, balki poytaxt Toshkentda u yana kurtak yozmoqda. 5 yillik islohotlar keyingi besh yillikda tarixga aylanmoqda. Vaziyat shu taxlit ketsa, biz yana paxta dalalarida o‘qituvchilar va bolalarni ko‘rishdan qo‘rqamiz.
Gap shundaki, 20 aprel kuni QALAMPIR.UZ tahririyatiga Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qora-qamish 2/4 dahasida Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari yana majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqida murojaat kelib tushdi. Bu safar murojaatni universitet talabalarining o‘zi, qo‘lida supurgi va belkurak ko‘targan yigitlar yo‘lladi. Ular bizdan imkon boricha tezroq yetib kelishimizni so‘radi. QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi voqeani xolis o‘rganish maqsadida aytilgan joyga yetib bordi.
Ijodiy jamoamiz hududga borganda, oq ko‘ylak, qora shim (forma) kiygan bir guruh yigitlar qo‘llarida chelak, “lopatka” ko‘tarib ishlashayotganiga guvoh bo‘ldi. Yigitlarga bosh-qosh bo‘lgan, o‘zini tanishtirishni istamagan shaxs, ishlayotganlar talaba emas, balki Olmazor tuman hokimligidan jalb qilingan obodonlashtirish xodimlari ekaniga ishontirmoqchi bo‘ldi.
Birinchi yolg‘oni ikkinchisiga to‘g‘ri kelmayotgan ishboshiga ko‘ra, ishlayotgan yigitlar “zamonaviy obodonlashtirish xodimlari”. Ular aynan oq ko‘ylak, qora shimda mehnat qiladi. U bilan suhbatimiz quyidagicha bo‘ldi:
Xodim: — Maqsad nima?
Jurnalist: — Bizga talabalar majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqida xabar berishgani uchun keldik.
Xodim: — Ular talaba emas.
Jurnalist: — Kim?
Xodim: — Hokimiyatdan kelishgan.
Jurnalist: — O‘zingizni tanishtira olasizmi?
Xodim: — Yo‘q.
Jurnalist: — Nega?
Xodim: (uzoq sukut)
Jurnalist: — Siz Olmazor hokimiyatidanmisiz? Hokimiyatdagilarni oq ko‘ylak, qora shimda olib chiqib, ishlatishadimi?
Xodim: —Biz obodonlashtirishdan kelganmiz.
Jurnalist: — Obodonlashtirishning o‘z formasi bor-ku.
Xodim: — Siz yurtingiz uchun, manfaat uchun biror narsa qilishni xohlaysizmi?
Jurnalist: — Men aynan mamlakat manfaati uchun qilyapman bu ishni.
Xodim: — Biz nima ish qilyapmiz?
Jurnalist: — Siz majburiy mehnatga jalb qilyapsiz.
Ming afsuski, bugun davlat boshqaruv organlarining kattayu kichik bo‘g‘inlarida hamon noqonuniy xatti-harakatlari va majburiy mehnatga jalb qilish kabi feodallardek munosabatni davlatning rivoji va manfaati yo‘lidagi sa’y-harakat deb oqlaydiganlar talaygina. Demak, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymabdimi, demak 5 yildagi balandparvoz gaplarimiz amalimizga to‘g‘ri kelmabdimi, demak islohotlarda bu taxlit ortga qaytish boshlanibdiyu bu haqda qayta-qayta bong urilsa ham hech kim pinagini buzmayaptimi, ahvolimiz voyligi shu.
Yodingizda bo‘lsa bundan ikki hafta avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Olmazor tumani Forobiy ko‘chasida joylashgan mahallalardan biriga keldi. Prezident tashrifi oldidan ushbu hududda ish qizg‘in edi. Tuman hokimi boshchiligida Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari majburiy mehnatga jalb qilindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ tezkor xabar berganiga qaramay, hech qanday chora ko‘rilmadi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva yoki uning jamoasi ham majburiy mehnat fakti bo‘yicha miq etgani yo‘q. Yo opaning ishi ko‘p, yo holatlarga ko‘z yumishga majbur.
Jamoat xavfsizligi universiteti esa Olmazor tumani hokimligi va universitet o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani haqida mujmal bayonot berib, obodonlashtirish ishlarida qatnashganlar ko‘ngilli ishchilar ekanini urg‘uladi. Masalaning ahamiyatli jihati shundaki, universitet Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan. Forobiy ko‘chasida obodonlashtirishga jalb qilinganlar esa yosh yigitlar. Xo‘sh, ular talaba bo‘lmay kim? Qolaversa, qachondan Toshkent viloyatidagi universitet talabalari shahardagi tumanga kelib ko‘ngilli bo‘lib obodonlashtirishda qatnashadigan bo‘ldi? Yo Toshkent viloyatida obodonlashtirishga joy qolmadimi? Tekin hammol kimga kerakmas?!
Kecha Olmazorning bir burchagi — Qora qamishga qo‘lida chelak, supurgi va belkurak ko‘tarib kelgan yigitlar bilan suhbatlasharkanmiz, ularning ayrimlari talaba ekanini tan oldi, kimdir Jamoat xavsizligi universitetida o‘qishini aytsa, yana kimdir Milliy universitet, boshqasi esa TATU talabasi ekanini haqida g‘o‘ldiradi. Voqea joyiga borib, videoga olishni boshlashimiz bilan talabalar sumkalarini olib, tumtaraqay qochdiyu ortiga qarab minnatdorchilik o‘rnida jurnalistga qarab “yaxshilik qildingiz”, deyish bilan cheklandi. Ha, biz ana shunday, odamlar o‘z huquqlarini talab qilishga qo‘rqib, doim uni boshqasi himoya qilishga muhtoj bo‘lgan jamiyatda yashaymiz.
Eng achinarlisi, talaba o‘z ixtiyori bilan majburiy mehnatga jalb qilinganini aytib, huquqini talab qila olmasligida. Ertaga esa ular huquq-tartibot organi xodimi bo‘lib yetishadi. O‘z huquqlari toptalib, poymol qilingan, uni talab qila olmaganlar boshqalarning huquqi uchun qanchalik kurashishi katta so‘roq ostida qolishi aniq. Bugun chekkan alamlari, bo‘g‘zida qolgan haqiqatlari ertaga nafrat bo‘lib ulg‘ayishidan qo‘rqasan kishi.
Xo‘sh, talabalarni dars vaqtida chiqib ishlashlariga kim majbur qilyapti? Olmazor tuman hokimligimi? Universitetmi? Agar qaysidir mahallani obod qilish kerak bo‘lsa, obodonlashtirish xodimlari bor. Ular kam bo‘lsa bozorda mashina to‘xtashini kutib turgan mehnatkashlar.
LiveBarchasi