Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilgan mansabdor jazolandi
3-sahifa
−
14:16 357 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi jamoat salomatligi texnikumi pedagoglarini xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilgan mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yangiyo‘l tumanida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi pedagog xodimlarining xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etilayotgani yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat kelib tushgan.
Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, tekshiruv davomida pedagog xodimlarni xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etish orqali majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi (mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) asosida javobgarlik chorasi qo‘llangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish va ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish qonun bilan taqiqlanadi. Shuningdek, pedagoglarni hashar ishlariga, hududlarni obodonlashtirishga, qishloq xo‘jaligi ishlariga yoki boshqa majburiy mehnat turlariga jalb qilish mumkin emas.
Qonunda pedagoglarni o‘z vazifasiga aloqador bo‘lmagan ishlarga majburiy jalb etgan, ularning dars berish jarayoniga aralashgan yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilgan mansabdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuvda o‘qituvchilarga ko‘chalarni nazorat qilish topshirig‘ini bergandi. Hokimning bu “vatan obodligi” tashabbusida bergan topshirig‘i OTM rektorlari bilan uchrashuvda berilgandi.
Keyinroq esa Boboyev pedagoglarni ko‘cha nazoratchisi bo‘lishga undovchi topshirig‘i ortidan Mehnat inspeksiyasidan ogohlantirish ham olgan edi.
Live
Barchasi