Suvdan “quruq chiqayotgan” vazir, tanqidga pul va’da qilgan hokim, rahnamosiz qolgan ISHID – yangiliklar dayjesti

Tahlil

image

Yakuniga yetayotgan 3 fevral an’anaviy ta’lim qaytish bo‘yicha muhokamalar bilan yodda qolmoqda. Aynan bugun talabalar ko‘plab savollariga javob oldi. Kun davomida O‘zbekistonda va xalqaro maydona yana ko‘plab voqea-hodisalar sodir bo‘ldi. Quyida eng muhim xabarlar qisqa tafsiloti bilan tanishishingiz mumkin.

Jamiyat

Toshkentda 17 yashar bola yo‘l o‘rtasida ovqatlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda layk uchun yo‘lning qatnov qismini ajratib turuvchi bordyur ustida yosh yigitning ovqatlanayotganligi aks etgan video tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 31 yanvar kuni taxminan soat 10:00 larda voyaga yetmagan 2004 yilda tug‘ilgan S.O., Shayxontohur tumani “Xadra” MFY hududidagi yo‘lning qatnov qismidagi bordyur ustida ovqatlangani videotasvirga olingan. Voyaga yetmagan S.O. ushbu xatti-harakatlari bilan o‘zini va atrofdagi shaxslarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan.

Buxoroda puliga “kuygan” erkak bolasining ko‘z o‘ngida o‘zini yoqib yubordi

Joriy yilning 1 fevral kuni Buxoroda qurilish korxonasidan pulini ololmagan erkak o‘zini yoqib yubordi.

Buxoro viloyati prokuraturasining ma’lum qilishicha, 2022 yil 1 fevral kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasining navbatchilik qismiga fuqaro F.H. o‘zini yoqib, tan jarohati olib, RSHTYOIM Buxoro filialiga murojaat qilganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Endi abgor yo‘llar odamlarning o‘zidan so‘rab, ta’mirlanadi

2022 yil 1 iyuldan avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan “Shaffof yo‘l” platformasi test rejimida ishga tushiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, “Ochiq byudjet” axborot portali orqali tuman (shahar)lar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllangan ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.

Erkinjon Turdimov tanqid uchun pul berishni va’da qildi (video)

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov mutasaddilarni tanqid qilgan jurnalist va blogerlarga pul mukofoti va’da qildi. Rag‘batlantirish uchun mablag‘ni byudjetdan olish reja qilinyapti.

“15 fevraldan boshlab – blogerlar, jurnalistlar – kim negativ olib kelsa, ularni manfaatdor qilamiz. Alohida pul topib beraman. Kim olib kelishini farqi yo‘q, ko‘chadagi odam bo‘lsayam mayli”, deydi Turdimov.

Andijonda o‘qituvchilar tungacha maktabda olib qolinib, diskoteka uyushtirilyapti

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda o‘qituvchilar yarim kechasigacha qolib, turli xil tadbirlarda qatnashishi talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan izoh olish uchun QALAMPIR.UZ muxbiri Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi bilan bog‘landi. 

Unga ko‘ra, mahallalardagi uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida maktablarda kechasi diskoteka va boshqa turli xil tadbirlar tashkil qilinmoqda.

Qurilish vazirining shoxi bormi? Nega javobgarlikka tortilmadi?

Xabaringiz bor, 2021 yil mart-aprel oylarida Qurilish vazirining qarindoshlari benefitsiar bo‘lgan “Trest 12” kompaniyasi 2020 yilda 5 trillion so‘mdan ortiq qiymatdagi qurilish pudrati ishlari bilan bog‘liq davlat xaridi shartnomalarining ijrochisi bo‘lgani aniqlangandi. Ammo Qurilish vaziri bu ish bo‘yicha javobgarlikka tortilmagan. Xo‘sh, uning shoxi bormi? Nega mamlakatdagi mavjud qonunlari Qurilish vaziri Botir Zokirovni chetlab o‘tdi? Holat bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Matbuot kotibi izoh berdi.

Qayd etilishicha, ushbu o‘rganishlar o‘tkazilayotgan davrda hali milliy qonunchilikda davlat xaridlari jarayonidagi affillangan va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani uchun javobgarlik choralari belgilanmagan bo‘lgan.

XTV maktablar qanday holatda onlayn ta’limga o‘tishini ma’lum qildi

Respublika maxsus komissiyasining kecha, 2 fevraldagi qaroriga asosan 7 fevraldan boshlab umumta’lim maktablarida o‘quv jarayonlari an’anaviy shaklda davom ettirilishi belgilandi. Xalq ta’limi vazirligi an’anaviy ta’limga qaytish yuzasidan ba’zi tushuntirishlarni berib o‘tdi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, umumta’lim maktabida kasallanish holatlari ko‘paygan taqdirda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xulosasiga ko‘ra bevosita ushbu maktabda an’anaviy ta’lim jarayonini cheklash bo‘yicha qarorlar qabul qilish mumkin.

TATUda talabalar 300 mlnga tushib qolishi mumkin. Vazirlik izoh berdi

Kecha, 2 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (TATU) mas’ullarining xatosi tufayli 1-semastr yakuniy imtihonlaridan yiqilgan talabalar universitet hisobiga 300 mln so‘mdan ortiq pul to‘lashi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Ayni vaqtda ushbu voqelik e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Qayd etish kerak, TATUda ta’lim kredit tizimiga o‘tgan. Shuning uchun talabalar fanlardan yakuniy imtihonlarni qoniqarli topshira olmay, yiqilsa, pulini to‘lab qayta topshirishga ruxsat olishi lozim.

Talablarning murojaatida aytilishicha, universitetdagi tizim xatosi va savollarning haddan tashqari murakkabligi tufayli ko‘plab talabalar yiqilgan. Bundan barcha talabalar norozi bo‘lgan va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga yordam so‘rab murojaat qilishgan. Talabalarning qayd etishicha, TATU mas’ullari ularning murojaatiga quloq solmagan.

Maxsus komissiya aytganidan nega qaytdi? Izoh Nurmat Otabekovdan

Xabaringiz bor, joriy yilning 7 fevralidan maktab, kollej-texnikum va oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim qayta boshlanishi e’lon qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur kutilmagan qarorni koronavirus tarqalishi kamaygani bilan izohladi.

Nima komissiya ham aytib, ham qaytaveradimi? Bugun, 3 fevral kuni “Xalqaro press-klub”ning navbatdagi sonida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov Maxsus komissiyaning o‘quv jarayonlarni onlayndan oflayn shaklga o‘tkazilishi bo‘yicha qilingan qaroriga izoh berdi.

Talabalar an’anaviy ta’limga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi – vazirlik

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Respublika maxsus komissiyasining an’anaviy ta’lim qaytish haqidagi kutilmagan qarori yuzasidan izoh berdi.

“Talabalarga qulaylik yaratish, doimiy turar-joylaridan ta’lim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz yetib kelishlari, joylarda avia va temir yo‘l chiptalarini almashtirish, talabalar turar-joylari, ijara asosida yashaydigan talabalarning ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich an’anaviy shaklga o‘tkaziladi. Shu davrda dars mashg‘ulotlari bir vaqtning o‘zida ham masofaviy ham an’anaviy shaklda olib boriladi”, deyiladi xabarda.

Zarqaynardagi uylar buzilmaydi. Mahalla UNESCO ro‘yxatiga kiritildi

Toshkent mahallalari UNESCO Butunjahon madaniy merosining Dastlabki ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari – Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

“Eski shahar mahallalari madaniy qatlamlarini saqlab qolish bo‘yicha dastlabki qadamlar 2019 yilda, Venetsiya arxitektura Biyennalesida taqdim etilgan "Mahalla: shahar va qishloq hayoti" loyihasi ishlab chiqilganda amalga oshirilgan edi. Mahallalarimiz xalqaro ekspertlar tomonidan eko-arxitekturani tiklash, zamonaviy shaharlarni ommaviy urbanizatsiyadan asrash, shuningdek, ijtimoiy qadriyatlar va jamoaviylikni saqlab qolish usuli sifatida e’tirof etildi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi UNESCO bilan hamkorlikda yetakchi olim, mutaxassis, arxitektor va tadqiqotchilarni birlashtirdi. Oldimizdan oqqan suvni, ya’ni mahallaning tarixiy qadr-qimmatini, milliy madaniy o‘ziga xosligini anglay boshlaganimizdan juda xursandman”, deydi Saida Mirziyoyeva. 

Olam

AQSH dollardan foydalanishni cheklasa, Rossiya nima qiladi? Peskov javob berdi

AQSH Rossiya banklari uchun dollardan foydalanishni cheklab qo‘ysa, rasmiy Moskva qanday yo‘l tutishi ma’lum bo‘ldi. Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning jurnalistlarga aytishicha, hukumat bunday vaziyatga qarshi choralar ko‘rmoqda va taqiq oqibatida ko‘riladigan zarar miqyosini minimallashtirish uchun rejalar tuzgan.

“Bunday oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan holatlarning oqibatini minimallashtirish uchun rejalar mavjud”, deya bildirgan Kreml rasmiysi. 

Rossiyada “omicron”ning yanada yuqumli turi aniqlandi

Rossiyada umumiy variantdan ko‘ra yuqumli hisoblangan BA.2 “omicron” koronavirus shtammi aniqlandi. Hozirgacha 200 dan ortiq odam shtammning yangi turi bilan kasallangan. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati rahbari Anna Popova ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BA.2 bilan kasallanish holatlari Moskva, Mari El va Boshqirdiston respublikalari, shuningdek, Rostov viloyatida aniqlangan.

“Al-Qoida” jangarilari o‘z yetakchilaridan birini qatl qildi

“Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining Sudandagi bo‘limi o‘z yetakchilaridan birini qatl qildi. Ta’kidlanishicha, jangarilar o‘z yetakchilaridan biri — “Abu Turob as-Sudaniy” laqabli Rashad Qureyshi Usmonni qatl qilgan.

Qayd etilishicha, u davlatga xiyonat qilish, dushman davlatlar bilan hamkorlik qilish va tashkilot sirlarini oshkor qilishda ayblangan. Jabrlanuvchi, shuningdek, 2015 yilda AQSH havo hujumida o‘ldirilgan “Al-Qoida” yetakchisining Yamandagi yashiringan joyini fosh qilganlikda ham ayblangan.

Dunyodagi eng qadrsiz valyuta aytildi

Rossiya pul birligi rubl “Big Mac index” (xarid qobiliyati paritetini aniqlashning norasmiy usuli) ga ko‘ra, dunyodagi eng qadrsiz valyutaga aylandi.

Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, hozir AQSHda McDonald's burgerlarining narxi 5,81 dollar (taxminan 444 rubl), Rossiyada esa ular 135 rubl yoki 1,77 dollar. Shunday qilib, Rossiya valyutasining adolatli kursi bir dollar uchun 23,24 rublni tashkil qilishi kerak va hozirda rubl 70 foizga kam baholanmoqda.

Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva. Bezosning yaxtasi o‘tishi uchun tarixiy ko‘prik buziladi

Niderlandiyaning Rotterdam shahri hukumati Amazon asoschisi, milliarder Jeff Bezosning uch ustunli yaxtasi suzib o‘tishi uchun eski De Hef ko‘prigini vaqtincha demontaj qilishga rozi bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, 1927 yilda qurilgan, De Hef nomi bilan ham tanilgan Koningshavenbrug ko‘prigi 2017 yilda ta’mirlangan va mahalliy hokimiyat uni boshqa hech qachon buzib tashlamaslikka va’da bergan. Biroq hozir ko‘prikning bir qismi milliarder Bezosning yaxtasi uning ostidan suzib o‘tishi uchun vaqtincha demontaj qilinmoqda.

Qamoqdagi kriminal avtoritet “Yovvoyi Arman”ning advokatlari shikoyat bilan chiqdi

Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblanayotgan jinoiy avtoritet “Yovvoyi Arman” (Arman Jumageldiyev)ning advokatlari himoyasidagi shaxsning izolyatordagi sharoitidan shikoyat qildi.

Himoyachilarga ko‘ra, Arman Jumageldiyev qiynoqqa tenglashtirish mumkin bo‘lgan noinsoniy sharoitlarda saqlanmoqda. Ular “Yovvoyi Arman” politsiya hibsxonasidan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Olma-ota departamenti izolyatoriga ko‘chirilgani uchun izoh talab qilmoqda.

“Yashasin Ukraina!”. Erdo‘g‘an Zelenskiy bilan uchrashish uchun Kiyevga bordi

Bugun, 3 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashish uchun Kiyevga bordi. Prezidentlarning bugungi kundagi asosiy maqsadi to‘rtta ikki tomonlama shartnomani imzolashdir. Bu haqda Ukraina mahalliy nashrlari xabar bermoqda.

“Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukrainaga yetib keldi va hozirda Borispol aeroportidan Mariinskiy saroyiga yo‘l oldi. U yerda uni Vladimir Zelenskiy kutib oladi. Erdo‘g‘anga rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohlik qilmoqda. Juftlik Borispolda non, xalq liboslari va faxriy qorovul bilan kutib olindi”, deyiladi xabarda.

Mamlakat rahbarlari 3 soat 10 daqiqa yopiq eshiklar ortida muloqot qildilar. Keyin Turkiya-Ukraina strategik hamkorlik yig‘ilishi o‘tkazilib, muloqot yakunlariga ko‘ra 8 ta hujjat imzolandi. 

Chegara yaqinida 12 kishining muzlagan murdasi topildi

Turkiyaning Gretsiya bilan chegarasi yaqinida 12 muhojir sovuq sharoitda halok bo‘ldi. Davlatlar fojiada bir-birini ayblamoqda. 

Gap shundaki, kecha, 2 fevral kuni Pashako‘y qishlog‘i yaqinidagi (Turkiya shimoli-g‘arbidagi Edirna viloyati) Mandakoru shahrida 11 nafar muzlagan muhojirlar jasadi topilgan edi. Yana biri keyinroq shifoxonada vafot etdi.

Bag‘dodiydan keyingi ISHID oliy rahnamosi o‘ldirildi

AQSH maxsus kuchlari Suriyada o‘tkazilgan operatsiya davomida Al-Bag‘dodiydan keyingi ISHID rahbari etib tayinlangan Abu Ibrohim al-Hoshim al-Qurayshiyni yo‘q qildi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 3 fevral kuni Suriya shimoli-g‘arbida o‘tkazilgan kontrterrorizm missiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilgan. 

Prezident Baydenga ko‘ra, maxsus tadbir kecha, 2 fevral kuni kechqurun o‘tkazilgan. 

Bildirilishicha, ushbu maxsus operatsiya 2019 yil AQSH ISHID sobiq rahbari Al-Bag‘dodiy o‘ldirilishi ortidan o‘tkazilgan eng yirik harbiy amaliyot sanaladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

125

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing