JSST rahbari Rossiyaning tug‘uruqxonaga hujumini qoralab chiqdi
Olam
−
03 mart 2022
5057Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Gebreisus Ukrainada qiyin ahvolda qolgan ukrainaliklarga yordam ko‘rsatish uchun gumanitar yo‘lak ochishga chaqirdi. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Endilikda gumanitar xodimlarning muhtojlarga xavfsiz va uzluksiz yetib borishini va yuklarni yetkazib berish imkoniyatini ta’minlash uchun shoshilinch yo‘laklarni yaratish zarur", deydi JSST rahbari.
Jenevada bo‘lib o‘tgan anjumanda so‘zlagan Gebreisus “Ukrainaga qarshi hujum vaqtida shifoxonalar va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalariga bir necha bor qurolli hujum uyushtirilgani” haqidagi xabarlardan jiddiy xavotida ekanini ma’lum qilgan.
"Sog‘liqni saqlash infratuzilmasiga qilingan hujumlar xalqaro gumanitar huquqni buzishdir", deydi u.
JSST rahbari tibbiyot xodimlari va shifoxonalar, bemorlar va ularni tashish vositalarining “immuniteti va betarafligi”ni eslatdi.
"Har kimning sog‘liqni saqlash xizmatidan xavfsiz foydalanish huquqi hurmat qilinishi va himoya qilinishi kerak", deydi bosh direktor.
Eslatib o‘tamiz, 1 mart kuni Rossiya harbiylari mudofaasini yorib o‘tishga urinayotgan Ukraina poytaxti Kiyev yaqinidagi xususiy “Adonis” tug‘uruq kompleksi hujumga uchradi. Tug‘uruqxonaga snaryad kelib urilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi