Jonson Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, yangi qurollar yuborayotganini aytdi

Olam

image

Buyuk Britaniya yaqin orada Ukrainaga 10 ta o‘ziyurar artilleriya moslamalarini, shuningdek o‘q-dorilarni topshiradi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Boris Jonson Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda ma’lum qildi. Suhbat tafsilotlari Britaniya rasmiy idorasi bayonotida keltirilgan.

“Bosh vazir Zelenskiyga Britaniya harbiy texnikasi, jumladan, yaqin kunlar va haftalarda mamlakatga kirib keladigan 10 ta o‘ziyurar artilleriya tizimi hamda o‘q-dorilar haqidagi so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etdi”, deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, Jonson Ukraina armiyasi yaqinda Rossiya kuchlari tomonidan egallab olingan hududlarni qaytarib olishiga ishonchi komil ekanini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyun kuni Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles Ukrainaga harbiy yordamni kengaytirishga va’da berdi.

Avvalroq, G7 davlatlari (Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya) Ukrainga qancha kerak bo‘lsa, shuncha qurol-yarog‘ yetkazib berishini aytgan edi. 

Shuningdek, G7 Ukrainaga erkin va demokratik kelajagini ta’minlash va o‘zini himoya qilish masalasida yordam berish uchun manfaatdor davlatlar bilan uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Bu davlatlar allaqachon Kiyevga 2,8 milliard dollar miqdorida gumanitar yordam ko‘rsatgan va Ukrainaga yana 29,5 milliard dollar berishga tayyor ekanini bildirgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

4 iyul kuni Rossiya Mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga (O‘zbekistonda tan olinmagan – tahr.) Lugansk Xalq Respublikasining ozod qilingani haqida hisobot berdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Jonson Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing