Zelenskiy urush kimning g‘alabasi bilan tugashini aytdi

Olam

image

Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya urushi Ukrainaning g‘alabasi bilan yakunlanishiga ishonch bildirdi. Bu haqda Zelenskiy Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

“Urush, albatta, tugaydi. Ishonchim komilki, u qanchalik og‘ir bo‘lmasin va biz uchun qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu Ukrainaning g‘alabasi bilan yakunlanadi. Biz bosqinchilarni yurtimizdan siqib chiqarishimiz kerak. Imkoniyatimiz bor ekan, buni qilamiz. Biz uchun bu bizning hayotimiz, bizning yo‘limiz! Yana qanday qilib urush tugashi mumkin, bu yagona yo‘l”, deb hisoblaydi Zelenskiy. 

Uning qayd etishicha, dunyo Rossiyaga yutqazishga haqqi yo‘q, chunki bunda demokratiya yutqazadi. 

Prezidentning aytishicha, hozirda Kiyev Moskva bilan Ukrainani himoya qilgan ukrainaliklar va xorijlik ko‘ngillilarni asirlikdan qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.  

“Mustaqilligimizni himoya qilish uchun ixtiyoriy ravishda dunyoning turli davlatlaridan kelgan qahramon harbiylarga rahmat aytmoqchiman. Hamma tushunadiki, Ukrainadagi urush bugun shu yerda, lekin ertaga Yevropada, keyin AQSHda bo‘lishi mumkin. Va shuning uchun Ukrainadagi urush allaqachon Yevropa va Qo‘shma Shtatlardagi urush, deb aytish mutlaqo adolatli, bu faqat geografik jihatdan bu yerda sodir bo‘lmoqda. Shuning uchun men bu qahramonlarning barchasidan minnatdorman”, deydi Zelenskiy. 

Davlat rahbari bugungi kunda Rossiyada minglab ukrainalik mahbuslar, jumladan, Ukrainani himoya qilish uchun kelgan xorijlik ko‘ngillilar saqlanayotganini ta’kidladi. 

"Britaniyaliklarni qo‘yib yubormaslik yoki AQSHdan kelgan yigitlarni qo‘yib yuborish bilan Rossiya shunchaki ko‘rsatib turibdiki, aynan mana shu davlatlar u bilan aloqada bo‘lishadi, muloqot qilishadi", deydi Prezident. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

49

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing