Zelenskiy Ukrainaga bosqinni jazosiz qolgan aviahalokat bilan bog‘ladi

Olam

image

Dunyo Rossiyani 2014 yilda ro‘y bergan MN17 halokati uchun jazolaganida, Ukrainaga bosqinning oldini olish mumkin edi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Avstraliya parlamentidagi nutqida aytib o‘tgan.

“O‘ylaymanki, har birimiz Rossiya harbiylari tomonidan urib tushirilgan MN17 fojiasini eslaymiz. O‘shanda 298 kishi vafot etdi. Bu fojiaga sababchi bo‘lganlarni javobgarlikka tortishning imkoni bo‘ldimi? Yo‘q, ular Rossiya hududida yashiringan va ehtimol Rossiya Federatsiyasidan xavfsizlik kafolatlarini olgan. Rossiya qurbonlarning yaqinlariga tovon puli to‘laganmi? Yo‘q, u haligacha o‘zining aloqadorligini rad etadi”, deydi Zelenskiy.

Shuningdek, u o‘tmishdagi xatolarni tuzatish zarurligini ta’kidladi.

“Rossiya yana qancha yangi fojia yaratadi? Jazosiz yomonlik qanotlanadi. Agar dunyo Rossiya Federatsiyasini 2014 yilda qilgan ishi uchun jazolaganda, 2022 yilda Ukrainada hech qanday dahshat bo‘lmasdi. Bunday dahshatli xatolarni hozir tuzatishimiz kerak”, degan Ukraina rahbari.

Prezident Avstraliya rahbarlarini Rossiya jazolanishi uchun hamma narsani qilishga chaqirdi.

2014 yilning 17 iyulida Donetsk viloyatining rossiyalik jangarilar nazorati ostidagi qismida Malaysia Airlines aviakompaniyasining MH17  reysi bilan Amsterdam-Kuala-Lumpur yo‘nalishida parvoz qilgan Boeing 777-200ER samolyoti urib tushirilgandi. Samolyot bortidagi barcha 298 kishi - 283 yo‘lovchi va 15 ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing