Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarga qaytish shartini aytdi
Olam
−
25 may 2022
13016Rossiya 24 fevraldan keyin bosib olgan Ukraina hududlarini qaytarib berganidan keyingina rasmiy Kiyev Moskva bilan muzokaralarga qaytadi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaponiyaning NHK nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Ishonchim komilki, biz butun hududimizni qaytarishimiz kerak, lekin buning uchun to‘lashimiz kerak. Biz uni 24 fevralgacha bo‘lgan holatga qaytarmoqchimiz. Keyin muzokaralar stoliga o‘tiramiz”, deydi Zelenskiy.
U Rossiya qo‘shinlarining keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan keyin bosib olingan hududlarni qaytarmasdan, RF bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar “qiyin bo‘lishini” qo‘shimcha qilib.
Zelenskiy Qrim va Donbassning Ukrainaga tegishliligini qayd etdi, ammo endi u asosiy vazifani 3 oy ichida bosib olingan hududlarni ozod qilishda ko‘rmoqda.
Unga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan bosib olingan barcha yerlarni qaytarishga qodir. Dunyo Ukrainaning tajovuzkorga qarshi turish qobiliyatini ko‘rib, uning g‘alabasiga ishonib, Ukraina xalqiga yordam berish uchun birlashganidan so‘ng, bo‘lajak g‘alaba yanada yaqqol namoyon bo‘ldi, deydi Zelenskiy.
“Dunyo Ukrainaga Rossiya Federatsiyasi mamlakatning butun hududini bosib olishi uchun uch kun muhlat berdi. Lekin ko‘ryapsizmi, uch kun emas, 30 kun emas, allaqachon uch oy o‘tdi. Biz butun dunyoni Ukraina atrofida birlashtirdik. Rossiyaning urinishi muvaffaqiyatli bo‘ladi deb o‘ylamayman, chunki dunyo Ukraina atrofida birlashdi”, deydi Zelenskiy.
Avvalroq Zelenskiy Putin bilan uchrashish shartini aytgandi. Ukraina davlati rahbari faqat urushni tugatish uchun Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan uchrashishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Ukraina bilan muzokaralar to‘xtatilganini, ular hech qanday shaklda olib borilmayotganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti devoni maslahatchisi Mixail Podolyak brifingda Andrey Rudenkoning so‘zlarini tasdiqlab, Kiyev Rossiya dunyodagi siyosiy jarayonlarda salbiy rol o‘ynagani tufayli u bilan muzokaralarni to‘xtatganini aytib o‘tdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi