Zelenskiy ikki yo‘nalishda ruslar siqib chiqarilayotganini aytdi
Olam
−
10 iyun 2022
12370Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Zaporoje va Xarkov viloyatlarida dushmanga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Zelenskiy videomurojaatida aytdi.
Shuningdek, u 9 iyun kuni ertalabki hujumdan keyin kun davomida Xarkovda teleko‘rsatuvlarni qaytadan yo‘lga qo‘ygan mutaxassislarga minnatdorlik bildirgan.
“Televizion markazlarga zarba berish, aloqa kanallarini yo‘q qilish, odamlarni yolg‘iz qoldirish – bular bosqinchilarning taktikasi, ularsiz buni amalga oshirish mumkin emas. Chunki ochiqlik va halollik ham Rossiya davlatiga qarshi quroldir”, deb ta’kidlagan Prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, frontdagi vaziyat so‘nggi sutkada deyarli o‘zgarmagan.
“Hozirda bosqinchilar Severodonetsk, Lisichansk va Donbassning boshqa shaharlarini asosiy nishon deb hisoblamoqda. Zaporoje viloyatida bizda ma’lum bir ijobiy o‘zgarish bor, u yerda bosqinchilarning rejalarini puchga chiqarishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Biz Xarkov viloyatida yerimizni ozod qilib, asta-sekin olg‘a boryapmiz. Nikolayev yo‘nalishi bo‘yicha mudofaani ushlab turibmiz”, deydi Zelenskiy.
Qayd etish kerakki, so‘nggi vaqtlarda Rossiya kuchlari bor e’tiborini Lugansk viloyatining Severodonetsk shahriga qaratgan. Shahar uchun shiddatli janglar davom etmoqda. Ruslar shaharning katta qismini egallagani aytilmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi