Zelenskiy frontga bordi
Olam
−
18 iyun 2022
10223Bugun, 18 iyun kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Nikolayev viloyatidagi mamlakat qo‘shinlari joylashgan frontga tashrif buyurdi. U frontdagi tezkor vaziyat bilan tanishdi, himoyachilar bilan suhbatlashdi va ularga davlat mukofotlarini topshirdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Safari davomida Prezident polkovnik Vadim Suxarevskiyni (“Janub” operativ qo‘mondonligining 59-alohida motoo‘qchilar brigadasi komandiri) “Oltin yulduz” ordeni bilan mukofotlagan. Nikolayev viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Vitaliy Kim va Nikolayev meri Aleksandr Senkevich III darajali “Bogdan Xmelnitskiy” ordeni bilan taqdirlangan. Polkovnik Andrey Gnatovga brigada generali harbiy unvoni berilgan.
Qayd etilishicha, viloyat harbiy qo‘mondonligi vakillari Zelenskiyga quruqlik va Qora dengizdagi jangovar zonadagi vaziyat haqida ma’lumot bergan. Ukraina yetakchisi “Primorya” alohida qo‘shinlar guruhining moddiy-texnik ta’minoti va ularning mudofaa ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratgan.
Nikolayev viloyatiga safari chog‘ida Zelenskiy mintaqadagi mavjud vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. Qishloq xo‘jaligidagi vaziyatga e’tibor qaratgan.
Shu bilan birga, bugun Nikolayev shahar kengashi ijroiya qo‘mitasi 1 sentyabrdan Nikolayev maktablarida rus tilidan foydalanish taqiqlanishi haqida qaror qabul qilgan.
Ma’lumot uchun, Nikolayev viloyati Ukrainaning janubida Xerson va Odessa viloyatlari orasida joylashgan. U yerdan Qora dengizga chiqish imkoniyati mavjud.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi