Zelenskiy Donbassdagi janglarda kuniga qancha askari o‘layotganini aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Amerikaning “Newsmax” nashriga bergan intervyusida Ukraina armiyasining Donbassdagi kunlik yo‘qotishlari haqida gapirdi.

“Ukraina sharqida vaziyat juda murakkab. Har kuni biz janglarda 60 dan 100 nafargacha askarni yo‘qotyapmiz va 500 ga yaqin askarimiz yaralanmoqda. Biz mudofaa chegaralarini ushlab turibmiz”, deydi Zelenskiy.

22 may kuni Zelenskiy Ukraina Qurolli Kuchlarining Donbassdagi yo‘qotishlari haqida gapirib, harbiy xizmatga yaroqli yoshdagi erkaklarning Ukrainani tark etishiga ruxsat berish haqidagi petitsiyaga izoh berib o‘tgan edi.

“Ushbu ariza kimga qaratilganini to‘liq tushunmayapman – bu ariza menga yoki, ehtimol, Ukraina uchun jonini fido qilgan askarlarning ota-onalarigami? Bugun davlatimiz sharqidagi eng qiyin hududda 50 dan 100 tagacha odam [o‘lmoqda]”, degan o‘sha paytda Ukraina Prezidenti.

Rossiya kuchlari hozir Donbassga hujum uyushtirmoqda. Ular xususan, Lugansk viloyati chegaralariga yetib borishga harakat qilmoqda.

31 may kuni Lugansk viloyati rahbari Sergey Gayday Rossiya qo‘shinlari Severodonetskning katta qismini egallab olganini aytji.

Qayd etish kerakki, Ukraina ham, Rossiya ham o‘z qo‘shinlarining urushda halok bo‘lgan askarlari haqida muntazam ravishda xabar bermayapti. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bu ma’lumotni ikki marta, oxirgi marta 25 mart kuni e’lon qilib, 1351 kishi halok bo‘lgani va 3825 kishi yaralangani haqida xabar bergan. Vladimir Zelenskiy aprel oyi o‘rtalarida urush boshlanganidan beri 2500 dan 3000 gacha ukrainalik harbiy xizmatchi halok bo‘lganini, yana 10 mingga yaqini yaralanganini aytgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

39

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing