Zelenskiy BMTni Rossiyaga qarshi maxsus tribunal tuzishga chaqirdi
Olam
−
22 Sentabr 2022
4350Ukraina Prezidenti Vladimir Zeleneskiy BMTni Rossiya vataniga hujum qilgani bo‘yicha maxsus tribunal tashkil etishga chaqirdi.
“Ukrainaga qarshi jinoyat sodir etildi va biz adolatli jazo talab qilamiz”, deydi Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasining sessiyasidagi nutqida.
Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun kompensatsiya jamg‘armasi tuzish, u uchun mablag‘larni Rossiyadan olish kerak.
U xalqaro hamjamiyatni Ukrainaga qurol yetkazib berishni davom ettirishga chaqirdi.
Zelenskiy o‘z nutqida besh banddan iborat “tinchlik formulasi”ni taklif qildi, uning amalga oshirilishi Ukrainadagi urushni tugatishga yordam beradi.
• Birinchi band – tajovuzkor davlatni chegaralarni buzganlik uchun jazolash, shu jumladan sanksiyalar va u bilan savdo aloqalarini to‘xtatish.
• Ikkinchi band – har bir davlatning o‘z fuqarolarining hayotini himoya qilish huquqi.
• Uchinchi band – xavfsizlikni, jumladan, oziq-ovqat va yadro xavfsizligini, shuningdek, hududiy yaxlitlikni tiklash.
• To‘rtinchi band – xavfsizlik kafolatlari.
• “Tinchlik formulasi”ning beshinchi bandi – himoya qilish va yordam berishda qat’iylikdir.
“Bizning formulamizda bo‘lmagan narsa - bu betaraflik”, deya ta’kidladi Ukraina Prezidenti betaraflikni befarqlik deb tushuntirdi.
Qayd etish kerakki, Vladimir Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasida videoshaklda murojaat yo‘llash imkoniyati berilgan yagona davlat rahbari bo‘ldi. U nutqini yakunlagach, Bosh Assambleya ishtirokchilari uni tik turib olqishladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi