Zelenskiy Baydendan Abramovichga sanksiya kiritmaslikni so‘radi – OAV

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Jo Baydenga rossiyalik tadbirkor Roman Abramovichga nisbatan vaqtincha cheklov choralarini qo‘llamaslikni maslahat berdi, chunki u Rossiya bilan muzokaralarda yordam berishi mumkin. Bu haqda “Wall Street Journal” manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashrning yozishicha, mart oyi boshida AQSH Moliya vazirligi xodimlari Abramovichga qarshi sanksiyalar tayyorlagan, biroq YeI va Buyuk Britaniya bilan parallel ravishda chora-tadbirlar e’lon qilish vaqti kelganida, Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashi G‘aznachilikdan bu chora-tadbirlardan voz kechishni so‘ragan.

“Sabab: Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Prezident Baydenga tinchlik muzokaralarida Rossiya bo‘yicha muhim vositachi bo‘la oladigan oligarxga nisbatan sanksiyalar qo‘llashga shoshmay turishni maslahat bergan”, deyiladi nashr xabarida.

Tadbirkorning vakili Abramovichning muzokaralar jarayonidagi ishtiroki haqida izoh berishdan bosh tortgan. 

Buyuk Britaniya hukumati 10 mart kuni rossiyalik yetti tadbirkorga, jumladan, Angliyaning “Chelsi” futbol klubi xo‘jayini Roman Abramovichga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Keyinroq Yevropa Ittifoqi ham Abramovichga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

22

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing