Yevroparlament Ozarbayjonga qarshi sanksiyalar qo‘llashga doir rezolyutsiyani qabul qildi

Olam

image

Yevroparlamentning kecha, 5 oktyabr kuni Strasburgda o‘tgan yalpi majlisida Yevropa Ittifoqi va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish va Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan sanksiyalar qo‘llash zarurligi haqidagi rezolyutsiya qabul qilindi.  

“Yevropa parlamenti so‘nggi voqealar va mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganini hisobga olgan holda Yevropa Ittifoqining Ozarbayjon bilan munosabatlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishga chaqiradi”, deyiladi hujjatda.  

Unga ko‘ra, Yevropa komissiyasidan Ozarbayjonning xalqaro majburiyatlarini buzgani uchun Baku bilan energetika sohasida strategik hamkorlikni tezkorlik bilan qayta ko‘rib chiqish talab qilinmoqda. Xususan, Armanistonga qarshi harbiy tajovuz yoki gibrid hujumlar sodir etilgan taqdirda Ozarbayjondan gaz va neft importiga qaramlikni kamaytirish va bu yetkazib berishdan butunlay voz kechish taklif etilmoqda.  

Deputatlar Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi arman aholisining huquqlari va xavfsizligini hurmat qilishga chinakam tayyor ekanini ko‘rsatmagunicha Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib turishga chaqirmoqda. Ular, shuningdek, Ozarbayjon hukumati tomonidan deputatlarga nisbatan nomaqbul izoh va tahdidlar tufayli viza rejimini soddalashtirishdan bosh tortish va ayrim sohalarda hamkorlik darajasini pasaytirish tarafdori. 

Yuqoridagi chora-tadbirlardan tashqari, parlamentariylar Yevropa Ittifoqi va a’zo davlatlarni Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish va inson huquqlarining ko‘plab buzilishi uchun mas’ul bo‘lgan Ozarbayjon hukumati a’zolariga qarshi individual sanksiyalar joriy etishga, shu bilan birga, Tog‘li Qorabog‘dan kelayotgan qochqinlar oqimi va undan kelib chiqadigan gumanitar inqirozni bartaraf etish uchun Armanistonga barcha zarur yordamni zudlik bilan taklif qilishga chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabriga o‘tar kechasi Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlarining qo‘poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o‘rnatilgan tankka qarshi mina portlab ketishi ortidan olti nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgandi. O‘sha kuni Baku “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi. Shundan so‘ng, Armaniston Qorabog‘dagi armanlarga nisbatan irqiy kamsitishlar ayblovi bilan Ozarbayjonga qarshi Gaaga xalqaro arbitraj sudiga da’vo arizasi kiritdi. Ozarbayjon tomoni mazkur holatga izoh berib, da’voning asossiz va bema’ni ekanini bildirdi. 29 sentyabr kuni Ozarbayjon BMT missiyasini Qorabog‘ga taklif qildi va BMT delegatsiyasi tan olinmagan va tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ga bordi.


Maqola muallifi

Teglar

sanktsiya Ozarbayjon-Armaniston Tog'li Qorabog' Qorabog' Evroparlament

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing