Yevropa Ittifoqi Rossiya va Belarusga bosimni kuchaytirishga va’da berdi

Olam

image

Versalda Ukrainadagi vaziyat muhokamasidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari birdamlik va bu mamlakatni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar. Biroq alyansga a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomini berish bo‘yicha qaror qabul qilinmadi.  

Sammitning yakuniy bayonotida qayd etilganidek, YeI “Yovropa oilasiga mansub” Ukraina bilan aloqalarni mustahkamlashda davom etadi. Bundan tashqari, Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, Bryusselga Kiyevning Yevropa Ittifoqiga a’zolik arizasini ko‘rib chiqish uchun oylar va yillar kerak bo‘ladi. 

Yevroittifoq yetakchilari, shuningdek, Rossiya va Belarusga bosimni kuchaytirishga va’da berdi va Ukrainadagi harbiy amaliyot tufayli keyingi sanksiyalarni joriy etishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Ukraina "Yevropa oilasida"

Sammit bayonotida ta’kidlanganidek, YeI Kengashi Yevropa komissiyasiga Kiyevning alyansga a’zo bo‘lish haqidagi arizasiga baho berishni topshirdi, biroq ayni paytda Bryussel bu davlat bilan aloqalarni mustahkamlaydi.  

Arizani ko‘rib chiqish uchun yillar va oylar kerak

Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte sammitning birinchi kuni yakunlariga ko‘ra, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik arizasini ko‘rib chiqish jarayoni oylar yoki yillar davom etishi mumkinligini aytdi.  

“Biz hammamiz Ukraina Rossiya tomonidan hujumga uchragan favqulodda og‘ir vaziyatdan xabardormiz va sodir bo‘layotgan voqealardan hayratdamiz. Ayni damda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga doimiy a’zo bo‘lish haqidagi arizasi ko‘rib chiqilmoqda va u Yevrokomissiyaga taqdim etildi. Biroq qaror qabul qilinishidan oldin oylar yoki yillar o‘tadi", deydi Rutte.

Xorvatiya Bosh vaziri Andrey Plenkovich ham o‘z navbatida Yevropa Ittifoqiga bir kechada qo‘shilib bo‘lmasligini ta’kidladi.  

"Protsedura bor, bu bir kechada sodir bo‘lmaydi. Shartnoma, modda, ariza bor, YeI Kengashi Yevropa Komissiyasiga ariza yuboradi. Hech kim bir kechada Yevropa Ittifoqiga qo‘shilmaydi", deydi u.

Rossiya va Belarusga bosim

Yevroittifoq Rossiya va Belarusga bosimni yanada oshirishni rejalashtirmoqda va Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga tayyor.

"Biz Rossiya va Belarusga bosimimizni yanada oshirishga qaror qildik. Biz jiddiy sanksiyalar kiritdik va tezda yangilarini kiritishga tayyormiz", deyiladi hujjatda. 

O‘z bayonotida Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya va Belarusni Ukrainaga hujum qilishda aybladi. Ular Xalqaro jinoiy sudning Ukrainadagi voqealar yuzasidan tergov boshlash haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatladilar.

Shuningdek,  Yevropa Ittifoqi davlatlari Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik yordamida Ukraina atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi.  

“Biz Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik yordamida Ukraina atom elektr stansiyalari xavfsizligini zudlik bilan ta’minlashga chaqiramiz. Biz Rossiyadan harbiy harakatlarni to‘xtatib, zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz qo‘shin va harbiy texnikani Ukrainaning barcha hududidan olib chiqib ketishni talab qilamiz”, deyiladi kommyunikeda. Qolaversa, u “xalqaro tan olingan chegaralar doirasida Ukrainaning hududiy yaxlitligi,  suvereniteti va mustaqilligini to‘liq hurmat qilishga” chaqiradi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

7

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing