Sharl Mishel Yevropa Kengashi rahbarligidan ketdi
Olam
−
30 noyabr 2024
2823Bugun, 30 noyabr kuni Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel o‘z vakolatlarini portugaliyalik Antoniu Koshtaga topshirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, o‘rin almashish marosimi Bryusseldagi qarorgohda bo‘lib o‘tgan. Mishelning vorisi 1 dekabrda Ursula fon der Lyayen boshchiligidagi Yevropa komissiyasining ikkinchi tarkibi lavozimiga kirishishi bilan bir vaqtda o‘z vazifalarini bajarishni boshlaydi.
Mishel Kiyevga ommaviy qurol-yarog‘ yetkazib berish va Moskvaga qarshi sanksiyalarni joriy etishni lavozimidagi asosiy xizmatlari deb atadi. Yevropa Kengashining bo‘lajak rahbari ham Ukrainada tinchlik uchun kurashishni davom ettirishga va’da berdi.
Ma’lumot uchun, Antoniu Koshta 1961 yilda Portugaliyaning Lissabon shahrida dunyoga kelgan. 1980 yillarda talabalar tashkiloti va uning bosma organiga rahbarlik qilgan. U, shuningdek, Adliya vaziri (1999-2002), Ichki ishlar vaziri (2005-2007), Lissabon meri (2007-2015), Portugaliya bosh vaziri (2015-2024) lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2023 yil 7 noyabrda huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘z hukumati a’zolariga nisbatan rezonansli rivojlanish loyihalarini amalga oshirish munosabati bilan ilgari surilgan mansab jinoyati va korrupsiyaga oid shubhalar fonida iste’foga chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning tinchlik takliflarini rad etib, Ukraina bo‘yicha hech qanday tinchlik muzokaralarini Ukrainasiz o‘tkazib bo‘lmasligini aytgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi