Gruziya YeI bilan muzokaralarni 2028 yilgacha to‘xtatdi
Olam
−
28 noyabr 2024
2316Bugun, 28 noyabr kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze “Gruziya orzusi - Demokratik Gruziya” hukmron partiyasi 2028 yil oxirigacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar ochilishi masalasini kun tartibiga qo‘ymaslik va Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etiladigan barcha byudjet grantlaridan voz kechish qarorini qabul qilganini e’lon qildi. Bu haqda “Sputnik Gruziya” xabar berdi.
Kobaxidzega ko‘ra, ushbu qarorga Yevropa Ittifoqi tomonidan muzokaralarni boshlash masalasida doimiy bosim o‘tkazilgani, mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilingan ayrim qonunlarni bekor qilish talablari va Gruziya hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqiriqlar sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida norozilik namoyishlari boshlangan. Fuqarolar hukmron partiyaning markaziy ofisi oldida to‘plangan. Ushbu ofisda muzokara jarayonini to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilingan yig‘ilishdan so‘ng hukumat vakillari qolib ketgan. Hududda ko‘plab huquq-tartibot organlari xodimlari joylashtirilgan. Gruziya parlamenti binosi oldiga yuzdan ortiq odam yig‘ilgan. Poytaxtdan tashqari Kutaisi va Batumida ham namoyishlar o‘tkazilmoqda. Fuqarolar hech qanday muxolifat yetakchilarining chaqiruvlarisiz o‘z tashabbuslari bilan ko‘chaga chiqqan.
Ma’lumot uchun, Gruziya parlamenti tomonidan joriy yilning may oyida “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan so‘ng Gruziyaning Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan munosabatlari keskin yomonlashgan. Yevropa Ittifoqi Gruziya hukumatini bir necha bor ushbu qonunni bekor qilishga chaqirgan. Ammo hukmron partiya yetakchilari qonunning maqsadi Gruziyada faoliyat yuritayotgan nodavlat tashkilotlar moliyaviy oqimlarining shaffofligini ta’minlash ekanini ta’kidlashda davom etgan. Ularning fikricha, ayrim NNTlar mamlakatda inqilob qilishga harakat qilgan. Kobaxidze bir necha bor G‘arb hamkorlarini ushbu qonun yuzasidan munozara qilishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya parlamenti deputatlari ovoz berish orqali Bosh vazir Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi yangi hukumat va uning kelgusi to‘rt yilga mo‘ljallangan dasturiga ishonch bildirgan edi.
LiveBarchasi