Yevroittifoq Rossiyani endi yevro orqali siquvga oldi. Yangi taqiqlar joriy etildi
Olam
−
02 mart 2022
9982Yevropa Ittifoqi Rossiyaga yevrodagi banknotlarni sotish, yetkazib berish, eksport qilishni, shuningdek, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya fondi bilan hamkorlikda moliyalashtiriladigan loyihalarga sarmoya kiritishni taqiqladi. Tegishli qoidalar bugun, 2 mart kuni Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etildi.
"YeI Kengashi Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bilan birgalikda moliyalashtiriladigan kelajakdagi loyihalarga sarmoya kiritish, ishtirok etish yoki boshqa yo‘l bilan hissa qo‘shishni taqiqladi. Kengash yevrodagi banknotlarni Rossiyaga yoki Rossiyadagi har qanday shaxs yoki yuridik shaxs, tashkilot yoki organga, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi hukumati va Markaziy bankiga sotish, yetkazib berish, o‘tkazish yoki olib chiqish yoki Rossiyada foydalanishni taqiqladi”, deyiladi matnda.
Shu bilan birga, "Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnali"da tushuntirilganidek, Rossiyaga kelgan jismoniy shaxslar, shuningdek, qonuniy immunitetga ega bo‘lgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yevro banknotlardan shaxsiy foydalanishga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2 mart kuni YeI Rossiyaning yettita bankini SWIFT tizimidan uzishga qaror qildi. Ro‘yxatga VTB, “Rossiya”, “Otkritiye”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari kirdi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi