YeOII atrofidagi gaplar: barchasi avvaldan rejalashtirilganmidi?

Tahlil

image

Jamoatchilik bir qancha vaqtdan beri, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (a’zo yoki kuzatuvchi davlat sifatida) qo‘shilishi masalasini muhokama qilayotgandi. Bugun O‘zbekistonning ittifoqqa kuzatuvchi mamlakat sifatida qo‘shilishi deyarli aniq bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligi masalasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Ittifoqda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topildi. Ushbu qaror bo‘yicha yig‘ilishda ishtirok etgan jami 132 nafar deputatdan 86 nafari tarafdor (yoqlab), 32 nafari qarshi, 14 nafari esa betaraf ovoz berdi. Birgina deputat ovoz bermadi.

O‘zbekistonning kuzatuvchi sifatida taqdiri 2019 yilning
oktyabridayoq hal bo‘lganmidi?

2019 yilning sentyabr oyida Qirg‘iziston Bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziyev “Yevroosiyo haftaligi” forumida Rossiya tomonidan pul o‘tkazmalari hajmiga qo‘yilgan cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi normalarini buzayotganini aytgandi.

“Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan mehnat muhojirlari ishlab topgan pullarini vatanlariga o‘tkazishda cheklov bor. Agar Qirg‘iziston fuqarolari uchun cheklov 100 ming rubl bo‘lsa, unda Qozog‘iston fuqarolari uchun — 150 ming, Armaniston fuqarolari uchun — 1 million. Ushbu choralar kasaba uyushma me’yorlariga, xususan, YeOII to‘g‘risidagi shartnomaning 98-moddasiga ziddir. Men har bir davlatning muhojiri topgan pullarini o‘z vatanlariga bemalol yuborishi kerak, deb o‘ylayman. Bu ularning oilalari uchun hayot va farovonlik masalasidir”, degan edi Abilgaziyev.

Sal keyinroq, okyatbr oyining boshida Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekistonga keldi. U Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasini ishlab chiqish haqida topshiriq berganini aytgandi.

“O‘zbekiston Prezidenti qaror qabul qildi va hozir Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasi ishlab chiqilmoqda. Menimcha, bu Prezidentning oqilona qarori. Umid qilamanki, muvofiqlashtirish jarayoni kechikmaydi va biz Yevroosiyo oilasi doirasida hamkorlik qila olamiz”, degandi Matviyenko. 

2019 yilning 7 oktyabr kuni esa Federatsiya kengashining Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farit Muxametshin:

“Tushunishimizcha, yakuniy tarzda, katta ehtimol bilan, kelasi yil O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqining birinchi bosqichida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi borasidagi masala hal etilishi mumkin”, degan edi.  

O‘zbekistonning ittifoqqa qo‘shilish masalasida ozroq vaqt o‘tib, Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin Oliy iqtisodiyot maktabi (NIU VSHE) talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvda, ishonch bilan O‘zbekistonning ittifoqqa “albatta qo‘shilishi” mazmunida gapirgandi.

O‘sha vaqti iqtisodchi Behzod Hoshimov o‘zining ishonchli manbalariga tayanib, O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi 2020 yilning kuzida Toshkentdagi MDH davlatlari sammitida e’lon qilinishini taxmin qilgandi. Lekin bu holat Hoshimov taxminidan ham tezlashib ketdi. YeOIIga qo‘shilish masalasi keng miqyosda urchigach, Vashingtondagi Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining biznes-forumida AQSH savdo kotibi Uilbur Ross shunday degan edi:

“Bozor islohotlarining eng muhim maqsadlaridan biri bu - O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishidir. Biz ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi Jahon savdo tashkiloti memorandumi savollariga Hukumatning javobini kutamiz. Shu bilan birga, biz o‘zbekistonlik sheriklarimizni yangi kelishuvlarning JSTga kirishga ta’sirini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqishga chaqiramiz. Masalan, hozirda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish JSTga a’zo bo‘lish jarayonini murakkablashtirishi mumkin”, deb o‘z mulohazalarini ulashgandi. Bu orada bir nechta tahlilchilar, iqtisodchilar, faollar, siyosatchilar o‘z fikrlarini bildirishda davom etdi.

Prezidentning YeOII bo‘yicha havotirlarga munosabati

2020 yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi va bu orqali siyosiy, iqtisodiy mustaqillikni boshqa mamlakat qo‘liga berib qo‘yish xavfi haqidagi gap-so‘zlarga to‘xtaldi. O‘shanda Prezident 30 yil ichida eskportga yo‘naltirilgan birorta mahsulotimiz standartga to‘g‘ri kelmasligi, yerlarimiz o‘tgan davr mobaynida zaharlanganini aytgandi.

“Shuncha mahsulotni qayerga olib borib sotamiz? Kim bizdan oladi, kim? Ertaga xolodilnikda saqlolmaymiz. To‘g‘ri Yevropaga olib borsak qimmatroq bo‘ladi, lekin u standartni kim beradi bizga? Yerimiz yillar davomida zaharlangan.

Mustaqilligini berib qo‘yadi, degan gaplar havoyi gaplar. Islohotlarimizga hayrixoh bo‘lib tursin, oyoqqa turib olaylik. Kuzatuvchi degani a’zo degani emas. U qarab, tomoshabin bo‘lib turadi. Biz Vladimir Vladimirovich bilan kelishib oldik. Men hozircha ko‘p narsani sizlarga aytolmayman, juda katta ish boshlab qo‘yganmiz. Iqtisodiyotimizni barqaror qilish uchun 50 mlrd kerak. Kim beradi bu pulni? Bergan odam kredit beradi, xolos”, degandi davlat rahbari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llayotgan murojaatida ham YeOIIga a’zo bo‘lish masalasiga yana bir bor to‘xtalgandi. Davlat rahbari O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi bo‘yicha 1 yildan buyon muzokaralar davom etayotganini qayd etib, a’zolikka asosiy sabablarni keltirgandi. Demak, bundan ko‘rinadiki, a’zolik muhokamasi 2019 yilning sentyabr-oktyabr oylarida emas, balki avvalroq, 2019 yilning yanvar oylaridan jidding ohanglarda boshlanganligi ehtimoli katta.

“Import va eksportimiz Qozog‘iston va Rossiyaning tranzit yo‘llari orqali o‘tadi. Qolaversa,  aholimizning ko‘p qismi Rossiya va Qozog‘istonda ishlamoqda. Shularni inobatga olib, YeOIIga a’zolik masalasini ko‘rib chiqyapmiz. Deputatlar nima desa, shu bo‘ladi. Qo‘lga qalam olib hisob-kitob qilinglar. Men aytgan masalalarni ham, albatta, inobatga olish shart”, deb aytgandi Shavkat Mirziyoyev.

YeOII masalasida farazlar oydinlashgan vaqt

Joriy yilning 5 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrif bilan borishi kutilayotgandi. Ushbu tashrif haqida ilk bor, 2019 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev xabar bergandi. Keyinroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ham RIA Novostiga bergan intervyusida buni tasdiqlagandi. Biroq tashrif amalga oshirilmadi.

Buni OAVlar 3 fevral kuni AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonga tashrif buyurgani sabab qoldirilganligi bilan bog‘ladi. O‘shanda biz ham Belarus va Rossiya o‘rtasidagi konfliktdan so‘ng, O‘zbekiston tomoni ittifoqqa a’zolik masalalarining hal qiluvchi bosqichini kechiktirishni maqul topgan, deb xabar qilgandik.

10 fevral kuni “Rossiya segodnya” agentligiga intervyu bergan Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin O‘zbekistonning Yevroosië iqtisodiy ittifoqiga kirish istiqboliga oid savolga javob berib, hech kim bu ittifoqqa o‘z manfaatlariga zid ravishda kirishga majburlanmasligi, hozircha rasmiy Toshkent YeOIIga qo‘shilish haqida rasmiy ariza bermaganini aytib o‘tgandi.

14 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov matbuot  anjumanida O‘zbekistonning YeOII va JST singari tashkilotlarga a’zo bo‘lishi masalasi ustida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi katta guruh ishlayotganini aytgandi.

“YeOII yoki JSTga kirishda ikkisini bir-biriga solishtirishning hojati yo‘q. Chunki ikkisiga ham kirish bo‘yicha hozirgi kunda muzokaralar, o‘rganish ketmoqda. JST bilan katta guruh ishlayapti. Bu masala bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari shug‘ullanmoqda. Biz muzokaralarni 1994 yilda boshlaganmiz. Astoydil muzokaralar esa endi boshlandi. Birinchi galda O‘zbekiston manfaatlarini hamma tomonlama himoya qilib, kelishganimizdan keyingina a’zo bo‘lamiz. YeOIIga a’zolikda ham xuddi shunday bo‘ladi”, degandi Ne’matov.

Joriy yilning 6 mart kuni esa Vazirlar Mahkamasida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi yuzasidan olib borilgan tahliliy va kompleks baholash ishlari yakuni bo‘yicha tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga kiritish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘ldi.

Unda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikning O‘zbekiston milliy iqtisodiyotiga ta’sirini kompleks o‘rganish natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘ladigan chora-tadbirlar belgilandi. YeOII bilan kuzatuvchi-davlat maqomida hamkorlik qilish taklifi ma’qullandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yetakchi mustaqil konsalting kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining izlanishlari, xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan bildirilgan taklif va xulosalar ko‘rib chiqildi. 

Bunda O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi doirasidagi iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, jumladan, sanoat, tashqi savdo siyosati, bojxona-tariflarini tartibga solish mexanizmi, mehnat migratsiyasi, standartlashtirish va veterinariya, sanitariya, fitosanitariya nazorati singari ko‘plab masalalar bo‘yicha ekspertlarning xulosalari o‘rganib chiqilgan.

Endi nima bo‘ladi?

2020 yilning mart oyida Qonunchilik palatasi Kengash yig‘ilishida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikka oid tashkiliy masalalarni o‘rganuvchi Quyi palatadagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Unga Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov rahbar etib tasdiqlandi. 

Shundan so‘ng, barcha deputatlar, partiyalar haqiqiy muhokamani boshlab yubordi. Qaysidir partiya chiqib, biz kuzatuvchi sifatida qo‘shilishiga ham qarshimiz, dedi. Yana boshqasi roziligini bildirdi. Ayrim deputatlar chiqib bu masala chuqur tahlil talab etishini aytdi. Qolgan voqealardan o‘zingiz xabardorsiz. Orada Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiyalashuvchi haqida fikr almashdi. Biroq bu haqda OAVda to‘liq ma’lumotlar tarqatilmadi. Oxir oqibat barchasi o‘tib, 28 aprel kuni deputatlar O‘zbekistonning ittifoqqa kuzatuvchi sifatida qo‘shilishini ma’qulladi.

Bu holatni jamoatchilik yaxshi kutib olmadi. Optimist siyosatchi, iqtisodchi, tahlilchilar hali umid borligini aytib, Senat bunga rozi bo‘lmasligi mumkinligini aytmoqda. Biroq men biladigan senatorlar esa YeOII masalasini chuqur tahlil qilmagan bo‘lsa kerak. Ijro ishlari bilan band bo‘lgan, sohani to‘liq tushunmaydigan senatorlar anchani tashkil qiladi. O‘zbekistonning ittifoqqa kuzatuvchi sifatida kirishiga senatorlar bir ovozdan rozi bo‘lishsa, hech ajablanmagan bo‘lardim. Lekin hammasini vaqt ko‘rsatadi. Asosiysi, ko‘pchilik iqtisodiy ittifoq ortida siyosiy ambitsiyalar yashiringanini bilib turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Maksim Oreshkin Qonunchilik palatasi Maykl Pompeo Matvienko EOII Uilbor Ross

Baholaganlar

200

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing