Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi nishonlanadi
Madaniyat-san’at
−
03 yanvar 2025 5733 2 daqiqa
Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi O‘zbekistonda keng miqyosda nishonlanadi. Bu haqda bugun, 3 yanvar kuni Prezident tomonidan qabul qilingan qarorda so‘z boradi.
Ushbu qarorga ko‘ra, Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash maqsadida quyidagi choralar ko‘riladi:
- Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzish;
- “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;
- Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;
- Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini uyushtirish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash;
- barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalarini tashkil qilish;
- zamonaviy raqamli va targ‘ibot texnologiyalari asosida Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish;
- 2025 yil oktyabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;
- 2025 yil noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasini o‘tkazish;
- Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi hududini obodonlashtirish hamda muzey ekspozitsiyasini boyitish;
- Qarshi shahridagi ko‘chalardan biriga Mahmudxo‘ja Behbudiy nomini berish hamda unga bag‘ishlangan yodgorlik lavhasini o‘rnatish;
- Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallarni e’lon qilish.
Live
Barchasi
SAXAL jurnalistlarga zarba berilganini tasdiqlab, ulardan birini “Hizbulloh” terrorchisi deb atadi
28 mart
Tramp “qora shahzoda”ni “orqasidan o‘pishi kerak”ligini va unga “bu yoqimli bo‘lishi”ni aytdi
28 mart