Tahdid qilayotgan Ramzan, uzr so‘ragan Putin, kasal Asma Asad, oshib borayotgan qarz – Hafta tahlili
Tahlil
−
29 dekabr 2024
9822Yana bir haftani ortda qoldirdik. Yana bir yil yakunlanyapti. Yil boshida o‘ta muhim sanagan voqealarimiz yil yakunigacha arzimas hodisalarga aylanib qolgandek. Vaqt shu qadar shiddat bilan o‘tib, dunyoda shu qadar ko‘p tala-to‘plar, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar sodir bo‘lyaptiki, qay birini aytishni bilmaysan kishi. Gaz va “svet”ga qo‘yilgan limitni yil voqeasi deb atagan o‘zbekistonliklar yil yakuniga kelib butun diqqatini saroy va undagi a’yonlarga suiqasdga qaratgan. Qarzlarning ko‘payib borishi, dunyodagi urushlar, migratsiya siyosatidagi taqiqlar, inflyatsiya yirik tadbirkorlar va ishbilarmonlar tugul, oddiy o‘zbekistonliklarning ham ro‘zg‘origa ta’sirini ko‘rsatmay qolmayapti. Yil o‘rtalarida bozorlari bo‘shab qolgan O‘zbekiston tadbirkorlarining yil oxirlariga kelib daromaddan yozg‘irishi ortgandan ortgan. Kamiga gaz va elektr energiyasining yuridik shaxslar uchun oshirilishi, quyosh panellari degan bahonalar bilan “svet”dan uzishlar, reklama monitorlari, peshtaxtalarga kelgan qirg‘in fonida nafaqat kichik va o‘rta bizneslar, balki yirik korxonalar ham bosh qashlab qoldi. Dunyoda-chi? Dunyoda ikki yoqlama standartlar avj olmoqda. Terrorchi deyilganlarga to‘rdan joy berilmoqda, begunoh odamlarning qonini to‘kkanlar tinchlik va adolatdan va’z o‘qimoqda. Xullas, 2024 yil ana shunday tushunarsiz voqealar bilan yodda qolmoqda. Xo‘sh, yilning eng so‘nggi haftasida nimalar sodir bo‘ldi? Birgalikda ko‘rib chiqamiz.
O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashayotganlar
Ayrimlarga uy to‘ridan joy bersang, o‘zini yo‘qotib chorpoyasi bilan chiqadi. Buni hozirgi aytadigan gaplarga umuman aloqasi yo‘q, shunchaki yodimga tushib qoldi, xolos.
Ramzan Qodirov kim o‘zi? Rossiya Federatsiyasining bir sub’ekti bo‘lgan Chechenistonning rahbari. Surishtirib kelsangiz, aholisi soni bo‘yicha o‘zimizning poytaxt Toshkentdan 2 baravar ortda qoladigan bu hudud rahbari O‘zbekistondan hisob so‘rashi qanchalik to‘g‘ri? Aslida hech qanaqasiga to‘g‘ri emas, lekin allaqachon Rossiyadagi istalgan mulozim, hatto, Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaning hisob so‘rashiga va odatda O‘zbekiston rasmiylari ayb ish qilgandek bunga jim qarab turishiga o‘rganib qolganmiz. Ammo Qodirov kim, Qodirov? Nega u O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashyapti? Qaysi ishiga aralashyapti, deysizmi? Aynan Prezident Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonov va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Liga suiqasd ishiga. Qodirov tugayotgan haftada shov-shuvli chiqish qilib, Prezident Mirziyoyev oilasidan bayonot kutayotganini aytdi.
“O‘zbekiston Prezidenti, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev oilasidagi nifoq haqidagi g‘arbparast OAVlar tomonidan mish-mishlar tarqalayotganini kuzatyapman. Ikki oydan ko‘proq vaqt oldin O‘zbekistonda sobiq amaldor Komil Allamjonovning hayotiga suiqasd bo‘lganligi haqida ma’lumot paydo bo‘lgan edi. Buni suiqasd deb atash qiyin. OAV zudlik bilan ba’zi manbalarga murojaat qilishdi (amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bu manbalarni g‘arbparast OAV o‘ylab topadi), ular mening suiqasdni tayyorlashda ishtirok etganimni e’lon qilishdi. O‘shanda aytgandim, hozir ham aytaman: agar buni tayyorlaganimda, ishni o‘sha kuni tugatgan bo‘lardim. Men haqimda bunday yomon fikrda bo‘lmasligingiz kerak.
Menimcha, ushbu voqeani chuqur o‘rganish bilan birga, bu hodisalar ustida ishlayotgan tergovchilarga nisbatan ham rasmiy tekshiruv zarur. Ishonchim komilki, bu shov-shuvlarning barchasi ichkaridan, ma’lum bir guruh tomonidan o‘zlarining uzoqqa cho‘zilgan sahna ortidagi o‘yinlari uchun foydalanilmoqda.
Qanday bo‘lmasin, men barcha manfaatdorlarga chechen izlarini har qanday hiyla-nayranglarga jalb qilmaslikni qat’iy maslahat beraman. Men chechen sifatida O‘zbekistonda ta’sir o‘tkazish uchun hech narsa qilishim shart emas”.
Qodirovning fikricha, kimdir yaxshi jamoani buzishga, tizimni buzishga harakat qilmoqda. Qodirovga ko‘ra, bu mamlakat rahbariyatiga tahdid soladigan puxta o‘ylangan ssenariy bo‘lib, Prezidentni ishonchli odamlardan mahrum qilish uchun birinchi navbatda rahbariyatga sodiq shaxslar hujumga uchramoqda.
“Sodir bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmagan inson sifatida hurmatli Prezident oilasi vakillarini bayonot bilan chiqishga va bu iflos gap-so‘zlarga barham berishga chaqiraman. Komil Allamjonov va Dmitriy Liga qurbonlar rolini o‘ynamaslikni tavsiya qilaman. Nimani rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, o‘z vaqtida to‘xtatganingiz ma’qul, aks holda siz barcha intrigalar, tuhmatlar va taxminlar uchun javob berishingiz kerak bo‘ladi. Va endi men an’analarimizga ko‘ra javob haqida gapiryapman”.
Sezayotganingizdek Ramzan Qodirov nafaqat O‘zbekiston rahbaridan bayonot so‘rayapti, balki mamlakat ichki ishlariga, tergov jarayonlariga aralashib, Allamjonov va Lini aniq ssenariy asosida harakat qilayotganlikda ayblamoqda va ochiqdan ochiq tahdid qilmoqda. O‘zbekiston tomoni esa Qodirovning bu ish bo‘yicha navbatdagi chiqishiga ham javob qilgani yo‘q. Aslida O‘zbekiston ichidagi biror ommaviy axborot vositasi Allamjonov va Liga suiqasdda Qodirov haqida biror axborot e’lon qilib, uning yoqasidan olgan joyi yo‘q. Qodirovning o‘zi o‘zi haqida boshqalardan ko‘ra ko‘proq gapirib, e’tibor markazida bo‘lib turibdi.
Allamjonovga suiqasdga kelsak, u O‘zbekistonda nafaqat yilning, mustaqil O‘zbekiston tarixining so‘nggi 35 yilligining eng shov-shuvli voqealari qatoridan o‘rin olmoqda. Ayniqsa, bu suiqasdga urinish muhim siyosiy jarayon, parlament va mahalliy kengashlarga saylovdan bir kun avval sodir etilgani, bu haqda avvaliga miq etilmagani va voqealar fonida DXX raisi doxil ko‘plab amaldorlar lavozimidan ozod etilgani uning ahamiyati va jiddiyatini yanada ottirdi.
Ha darvoqe, Ramzan Qodirov Allamjonovga suiqasd ishi borasida qancha iddaolar qilishga urinmasin, O‘zbekiston huquq-tartibot organlari xalqaro ommaviy axborot vositalarida berilayotgan faktlarni tasdiqlab, tugayotgan haftada ikki rossiyalik chechen Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov qidiruvga berilganini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida Rossiya Federatsiyasi fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovlar qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi kabi jinoiy harakatlarni sodir etganliklari aniqlangan.
Qayd etilishicha, Rasayev va Temirxanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan.
Aqtaudagi halokat
25 dekabr kuni Ozarbayjonning Bakudan Grozniyga yo‘lga chiqqan Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti Qozog‘istonning Aqtau shahrida halokatga uchrashi butun MDH davlatlari, jumladan Turkiyada katta xavotir uyg‘otdi.
Samolyot bortida 67 kishi bo‘lgan. Ulardan 38 nafari, jumladan ikki ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Qurbonlarning 7 nafari Rossiya, yana olti nafari Qozog‘iston va 25 nafari Ozarbayjon fuqarolari bo‘lgan.
O‘z uchog‘i bilan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitiga – Sankt Peterburgga otlangan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev halokat daragini eshitishi bilan havodan ortga – Bakuga qaytdi va halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha komissiya tuzishni buyurdi.
Hodisa yuzasidan Ozarbayjonda, shu bilan birga Qozog‘istonda ham jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Halokatga sabab turli versiyalar orasida dastlab yangragani qushlar galasining samolyotga urilgani va shundan so‘ng samolyotning rul boshqaruvini yo‘qotgani edi. Biroq keyin jiddiyroq taxminlar o‘rtaga tashlandi. Bunga uchoqning portlamay qolgan dum qismidagi o‘q izlariga o‘xshash shubhali teshiklar borligi sabab bo‘ldi. Omon qolgan reys yo‘lovchilariga ko‘ra, samolyotda kislorod balloni ham portlab ketgan va bortdagilar hushini yo‘qotgan. 26 dekabr kuni esa Euronews nashri ozarbayjonlik amaldorlarga tayanib, o‘ta jiddiy versiyani e’lon qildi. Unga ko‘ra, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lgan. Ushbu raketa Grozniy osmonida samolyot bor paytda uchirilgan va uning parchalari havo kemasi yaqinida portlab, unga shikast yetkazgan. Samolyot ekipaji favqulodda qo‘nish uchun Rossiya aeroportlariga murojaat qilgan, ammo ularga ruxsat berilmagan. Shundan so‘ng havo kemasi kapitani uchoqni Qozog‘istonning Aqtau shahridagi aeroportga qo‘ndirishga qaror qilgan. Kamiga samolyot Kaspiy dengizi ustidan uchib o‘tganida uning GPS navigatsiya tizimi ham ishlamay qolgan. Halokatdan so‘ng uning qora qutisi topilgan va ovoz yozuvlarini deshifrlash uchun tergovchilarga berilgan.
“AnewZ” nashri ham Ozarbayjon hukumatiga tayanib, samolyot Pansir-S havo mudofaa tizimidan raketa sabab qulaganini e’lon qilgan. Rossiya tomoni manbalariga ko‘ra esa halokat sodir bo‘lgan vaqtda Checheniston hududi ustida Rossiya havo mudofaa kuchlari Ukraina dronlarini yo‘q qilish bilan band bo‘lgan. Checheniston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi rahbari Xamzat Qodirov ham Grozniy ustida 25 dekabr kuni ertalab dron hujumi bo‘lganini tasdiqlagan, ammo hech qanday qurbonlar yoki zarar qayd etilmaganini aytgan. 27 dekabrga kelibgina halokat sababi bo‘yicha Azerbeijan Airlines tomonida ilk rasmiy xabar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Aqtau yaqinidagi Embraer 190 samolyoti halokatiga tashqi jismoniy va texnik ta’sirlar sabab bo‘lgan. Aviakompaniyaning aniqlik kiritishicha, bu versiya Aqtau yaqinidagi aviahalokat bo‘yicha rasmiy tergov paytida paydo bo‘lgan.
Voqealar fonida Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytib chiqdi.
Musabekovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya vaziyatga nisbatan adekvat munosabatda bo‘lish va uzr so‘rash o‘rniga, o‘z izlarini yashirish uchun ommaviy axborot vositalarida muayyan harakatlar qilmoqda. Unga ko‘ra, buni sodir etganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi, odamlarning o‘limi uchun tovon to‘lanishi kerak. Yo‘qsa, munosabatlar, albatta, boshqa saviyaga o‘tadi.
Bunga javoban Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyotning halokatiga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini ma’lum qildi.
Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi halokatdan so‘ng Rossiyaning 10 ta shahriga parvozlarni to‘xtatib qo‘ydi. Azerbaijan Airlines bu qarorni xavfsizlik sababli qabul qilganini, Embraer 190 samolyoti avariyasi bo‘yicha dastlabki tergov yakunlangunga qadar parvozlar qayta boshlanmasligini qayd etgan. Halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha esa surishtiruv-tergov ishlari davom etmoqda.
AQSHdagi ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki belgilar samolyot Rossiya havo mudofaa tizimi ta’sirida qulagani ehtimolini ko‘rsatmoqda. AQSHda bu bo‘yicha tegishli razvedka ma’lumotlari mavjud.
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 60,2 mlrd dollarni tashkil etmoqda
Qarz olish yaxshi. Rostan yaxshi. O‘ylamay sarflaysiz. Ammo olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim, deb bejiz aytmagan xalq. Yil yakuniga kelib O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 60,2 mlrd dollarni tashkil etmoqda. O‘ylamang bu yana yil yakunidagi hisobot deb. Bu raqam yanvar-sentyabr oylariga tegishli. Qarz miqdori esa o‘tgan uch oyda yana oshgan bo‘lishi mumkin. Umumiy 60,2 mlrdlik tashqi qarzdan davlat tashqi qarzi qariyb 32,5 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 27,7 mlrd dollarga teng bo‘lmoqda.
Shuningdek, 2024 yilning 9 oyida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga qisqarib, 3,4 mlrd dollar yoki YAIMga nisbatan 4,3 foizni tashkil qilgan. Bunga savdo balansi manfiy saldosi o‘sish sur’atining o‘tgan yildagiga nisbatan pastroq shakllanishi bilan birga mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli darajada ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan.
9 oyda xalqaro zaxira aktivlarimizning xorijiy valyutadagi qismi 678 mln dollarga qisqargan. Lekin Markaziy bankning aytishicha, bunga ko‘z-yosh qilish shartmas, oltin jahon narxining yuqori sur’atlarda o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan qariyb 6,6 mlrd dollarga ko‘payib, 2024 yilning 1 oktyabr holatiga 41,1 mlrd dollarni tashkil qilganmish.
9 oy yakuniga ko‘ra, to‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei joriy yil boshiga nisbatan 29 foizga mustahkamlanib, 2024 yil 1 oktyabr holatiga 16,3 mlrd dollarga yetibdi.
Endi esa o‘tgan yildagi hisobotlarga bir ko‘z yugirtirsak. 2024 yilning 1 yanvarida davlat qarzi 34,9 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan 29,6 mlrd dollar tashqi qarz, 5,3 mlrd ichki qarz. Ko‘rish mumkinki, tashqi qarz 9 oy ichida 2,9 mlrd dollarga oshgan.
Shu o‘rinda 2024 yilning birinchi haftasida AQSH dollarining so‘mga nisbatan Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan qiymati 12 355 so‘m 16 tiyinni tashkil etgan bo‘lsa, yil 1 AQSH dollari uchun 12904 so‘m 91 tiyinlik miqdor bilan yakunlanyapti. O‘rtadagi bir yillik farq esa 549 so‘m 75 tiyin.
O‘zbekiston jangovar salohiyatini oshirib, asosiy e’tiborni dronlarga qaratmoqda
O‘zbekiston jangovar salohiyatini oshirib, unda asosiy e’tiborni dronlarga qaratmoqda. 2024 yilda O‘zbekistonda jangovar shaylik tadbirlari o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga ko‘payib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligi oshirildi.
Senat Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida aytilishicha, qo‘shinlarda operativ tayyorgarlik tadbirlari hamkorlikdagi kuch tuzilmalarini keng jalb qilgan holda tashkil etilgan. AQSH, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston armiyalari bilan hamkorlikda o‘quvlar o‘tkazilgan.
“O‘quvlarda asosiy e’tibor zamonaviy janglarda yangi qo‘llanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruv mahoratini oshirishga, strategik, operativ va operativ-taktik bo‘g‘inlarda bo‘linmalar tomonidan yangi taktik harakatlar o‘zlashtirilishiga qaratilgan”, deyiladi Senat saytida e’lon qilingan majlis bayonotida.
Qolaversa, 2024 yilda jangovar mutaxassislik bo‘yicha Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmanistondan kelgan harbiy xizmatchilar o‘qitilgan.
Senat axborotida Qurolli kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarini so‘zsiz va sifatli ijrosini ta’minlash maqsadida Mudofaa vazirligida samarali ishlar olib borilgan deyilganu, ammo bu qanday ishlar ekaniga aniqlik kiritilmagan. Va o‘sha samarali ishlar natijasida Qurolli kuchlarning jangovar salohiyati yuqori darajaga ko‘tarilgani aytilgan.
Milliy armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirishda asosan zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar tahlillari hamda rivojlangan xorijiy armiyalarning ijobiy tajribalari qo‘shinlarga tatbiq etilgan.
Tataristonda 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
Rossiyaning Tatariston Respublikasi Malorechenskiy qishlog‘ida yong‘in oqibatida olti erkak halok bo‘ldi. Ularning 5 nafari O‘zbekiston fuqarosi.
Qayd etilishicha, qishloqdagi chorvachilik kompleksi hududida ishchilar vaqtincha yashashi uchun mo‘ljallangan uy yonib ketgan. Binoda jami 39 kishi bo‘lgan. Ulardan 33 nafari yong‘in hududidan qochib chiqishga ulgurgan, bir kishi esa jarohat olgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inning kelib chiqishiga elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi sabab bo‘lgan.
Ushbu hodisa ortidan Rossiyaning Udmurtiya Respublikasi sobiq qishloq xo‘jaligi vazirining qizi Yelena Sobinaga nisbatan migrant ishchilar yashagan yotoqxonada yuz bergan yong‘in sabab “xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish”, “sovuqqonlik”, “noqonuniy migratsiyani tashkil qilish” va “yong‘in xavfsizligi talablarini buzish” moddalari bilan jinoiy ish ochilgan. Lekin Yelena aybiga iqror bo‘lmagan.
Sud hukmi bilan u 2025 yilning 24 fevraliga qadar uy qamog‘iga olingan. Uning advokati Rahim Bayramovga ko‘ra, halok bo‘lganlarning uch nafar yaqiniga 1,5 million rubl miqdorida kompensatsiya to‘langan (faqat bitta kishi rasmiy ravishda jabrlanuvchi deb tan olingan). Qolganlarga esa G‘arb sanksiyalari tufayli hali bank orqali pul o‘tkazmalari amalga oshirilmagan. Advokatning qo‘shimcha qilishicha, Sobina o‘z xohishi bilan tergovchilarga murojaat qilgan.
Tergovning dastlabki versiyasiga ko‘ra, 2023 yilda fermer xo‘jaligi rahbari ishchilarni joylashtirish uchun qishloqdagi noturar binoni ijaraga olgan. Shu bilan birga ferma bosh direktori binoni normal holatda ishlatish uchun zarur sharoitlarni ta’minlashi, fermer xo‘jaligi rahbari esa yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishi kerak bo‘lgan. Ammo bu talablarning hech biri bajarilmagan. Xususan, ob’ektda tunu kun navbatchilik tashkil etilmagani, avtomatik yong‘in signalizatsiyasi tizimi, xabardor qilish va evakuatsiyani boshqarish tizimlari mavjud bo‘lmagani aniqlangan.
Keyinroq O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi fojiada o‘zbekistonliklar vafot etganini tasdiqlab, beshovlonning yoshi 48, 59, 54, 29 va 22 da bo‘lganini ochiqladi.
Holat Bosh konsulxona nazoratiga olinib, tezkor ravishda konsulxona diplomatlari voqea joyiga safarbar etilgan va vakolatli organlar bilan zarur ishlarni, xususan marhumlarning shaxsga aniqlik kiritish tadbirlari olib borilib, ularning jasadlarini O‘zbekistonga qaytarish ishlarini tashkil etishga qaratilgan choralar ko‘rilayotgani bildirildi.
Shu o‘rinda tan olish kerakki, Rossiyada o‘zbekistonliklar nafaqat o‘lmoqda, balki o‘ldirmoqda. Shu hafta Rossiyaning Kaliningrad viloyatida uch kishini o‘ldirishda ayblangan o‘zbekistonliklarga sud hukmi o‘qildi.
Nashrning yozishicha, 2022 yil dekabr oyida ikki o‘zbekistonlik Kaliningrad viloyati Gurev tumani Nevskoye qishlog‘ida yashovchi fuqaroni talon-toroj qilishga uringan. Buning uchun ular migratsiya hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam berish bahonasida uning uyiga kirgan.
O‘zbekistonliklardan biri 58 yoshli uy egasini pichoqlab, uning 81 yoshli onasi va uyda bo‘lgan 55 yoshli mahalliy fuqaroni o‘ldirgan. Ular uydan 65 ming rublni o‘g‘irlab, qochib ketgan. Ular Rossiya Jinoyat kodeksining 162-moddasi 4-qism “v” bandi (bosqinchilik) va 105-moddasi “a” va “z” bandlari (bosqinchilik bilan bog‘liq holda uchtagacha odamni qasddan o‘ldirish) bilan aybdor deb topilgan.
Sud o‘zbekistonliklarning biriga 23 yil, ikkinchisiga esa 17 yilga qamoq jazosi tayinlagan va jazoni qat’iy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Shuningdek, Rossiyaning Moskva shahri sudi joriy yilning yozida “Match TV” jurnalistini zo‘rlagan uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga hukm e’lon qildi. Ayblanuvchilardan ikkisi 9 yillik, uchinchisi esa 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular jazo muddatini umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashi belgilangan.
Voqea joriy yil 6 iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. O‘zbekiston fuqarolari spirtli ichimlik ta’sirida ish joyidan chiqib ketayotgan “Match TV” xodimiga tajovuz qilgan. Tergov ikki gumondor ayolni zo‘rlagan, uchinchi shaxs esa kuzatuvda bo‘lgan, deb hisoblagan. 8 iyul kuni
dastlabki sud majlisi bo‘lib o‘tgan va uchala gumondor Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi (Guruh tomonidan sodir etilgan zo‘rlash) bo‘yicha ayblanib, qamoqqa olingan.
Gap ochilganda aytib o‘tish o‘rinliki, tugayotgan yil Rossiyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan muhojirlar, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistondan kelganlar uchun eng og‘ir yillardan biri bo‘lib qolmoqda. “Krokus Siti Holl”da sodir etilgan terakt ortidan migrantlarga nisbatan boshlangan ola qarashlar, hatto, parlamentda qator cheklovlarning o‘rnatilishigacha olib keldi. 2025 yilda mehnat muhojirlarini patent narxining oshishi kutmoqda.
Sankt-Peterburgdagi uydan o‘zbekistonlik ayolning jasadi bo‘lgan sumka topildi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi uylardan birining yerto‘lasidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi bo‘lgan sumka topildi. Garchi voqea joriy yilning 9 dekabr kuni sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, uning isi shu hafta chiqdi.
Piterning Sedova ko‘chasidagi 70-uyning xonadonida janjal paytida yigit qizni bo‘g‘ib o‘ldirgan, so‘ng uning jasadini yo‘l sumkasiga solib, uni olib ketgan. Shundan so‘ng, jasadni Olga Berggols ko‘chasidagi uyning “podval”ida tuproq bilan ko‘mib tashlagan.
Jasadning shaxsiga aniqlik kiritilganda, u 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlangan. Ayol noyabr oyi boshida 24 yoshli dugonasi bilan ishlash uchun Sankt-Peterburgga kelgan.
Qotil deb taxmin qilingan shaxs jinoyat sodir etilgan kunning ertasiga Sankt-Peterburgdan uchib ketgan.
Marhum ayolning ukasi O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga 31 yoshli opasi aloqaga chiqmay qo‘ygani to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgach, qotillik sodir etilgani aniqlangan.
Prezident Mirziyoyev YeOII sammitida qatnashdi
O‘zbekiston Prezidenti 25-26 dekabr kunlari MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi va Yevrosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburgga bordi. Garchi YeOII sammitiga raislik Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning gardanida bo‘lsa ham Pashinyan Sankt-Peterburgga kelmadi, unda onlayn tarzda ishtirok etdi. Buni esa koronavirus tashxisi qo‘yilgani bilan izohladi. Taxminlar esa Pashinyanning so‘nggi vaqtlar butun Rossiyadan uzoq turishga urinayotgani, Rossiya bosh tashkilotlardagi ishtirokini qisqartirayotgani bilan bog‘lanmoqda.
Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat – Eron Islom Respublikasi Sanoat, konlar va savdo vaziri Said Muhammad Otabak ham qatnashdi. Va ushbu yig‘in Lukashenko hamda Pashinyanning dahanaki jangi bilan yodda qoldi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.
Mirziyoyevning ushbu yig‘ilishda ma’lum qilishicha, O‘zbekiston kelgusi yilda Yevrosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Biznesni yanada faol jalb qilish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida YeOII Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishini 2025 yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazish taklif etildi.
Ana endi navbat keldi Lukashenko va Pashinyanning janjaliga. Xullas, Lukashenko nutqida YeOIIning keyingi sammitini 2025 yilning may oyi oxirida Minskda o‘tkazishni taklif qildi, lekin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Minskdagi sammitga ham bormasligini aytdi.
“Agar kuzatuvchilar bizning ittifoqimizga qiziqish bildirsa, men ulardan televizor orqali biz bilan qanday hamkorlik qilishlarini aytmasdan yig‘ilishlarda qatnashishlarini so‘ragan bo‘lardim. Nikol Pashinyan, bu sizga tegishli emas, bilamizki, siz nafaqat soqolingizni oldirgansiz, balki biroz kasal bo‘lib qolgansiz. Shuning uchun biz sizni ittifoqimizning yangi a’zosi sifatida qabul qilamiz, hech bo‘lmaganda tashqi ko‘rinishda“, degan Lukashenko.
Bunga javoban Pashinyan Minskda Armaniston delegatsiyasi bo‘lmasligini aytgan.
“Muammo nimada? Armaniston Minskdan uzoqmi yoki sizni keltiradigan hech kim yo‘qmi? Agar kerak bo‘lsa, delegatsiyangizni yetkazib berishni tashkil qilamiz”, deya javob qaytargan Lukashenko va arman tomonining taklifi ko‘rib chiqilishini aytgan.
“Nimani ko‘rib chiqish kerak? Siz mening arizamni ko‘rib chiqa olmaysiz, chunki mening arizam ko‘rib chiqilmaydi”, deb keskin javob qaytargan Armaniston Bosh vaziri.
Shunda Armaniston Bosh vaziri televizor orqali ishtirok etishga rozi bo‘lgan. Lukashenko esa Minskda “televizor bo‘lmasligi” mumkinligini ta’kidlagan. Bunga Pashinyan: “Hech qanday muammo yo‘q”, deya javob qaytargan.
53 yillik shafqatsiz Asadlar rejimi siyosiy sahnadan ag‘darildi
Joriy yil dekabriga kelib yilning eng shov-shuvli siyosiy voqeligi rutbasini Suriyadagi voqealar ilib ketdi. Naqd 53 yillik shafqatsiz Asadlar rejimi siyosiy sahnadan ag‘darildi. 13 yillik fuqarolar urushi davomida o‘z aholisiga kimyoviy qurol ishlatishdan tortib ular uchun sig‘imi gektarlarga cho‘zilgan ommaviy qabrlar qurgani aytilgan va keyinchalik o‘z isbotini topgan xalqaro jinoyatchi Bashar Asadning hokimiyatdagi umri Rossiya va Eron qo‘llovisiz uzog‘i 10 kunga cho‘zilishi ayon bo‘ldi. Lekin hozir bu haqda gaplashmoqchi emasmiz.
So‘nggi voqealar fonida tilga tushgan Asma Asad – Bashar Asadning rafiqasi og‘ir kasal. Uning yashab ketish ehtimoli 50 foiz. Jamoatchilikka tugayotgan haftada sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning may oyida kelinoyiga qon saratoni tashxisi qo‘yilgan.
Aslida u 6 yildirki, kasaldan boshi chiqmaydigan xavfli bemorga aylangan. Masalan, 2018 yil avgustda unda ko‘krak bezi saratoni aniqlangan va u Damashqdagi harbiy gospitalda davolangan.
2019 yil yanvar birinchi xonimdagi o‘simta olib tashlangan. O‘sha yilning avgust oyida Asma Asad sog‘ayganini e’lon qilgan.
Hozir Asma Asadni qiynayotgan qon saratoni kasalligi suyak iligi faoliyatini zararlaydigan tajovuzkor onkologik dard hisoblanadi. “Financial Times” gazetasi xabar berishicha, Bashar Asadning rafiqasi Suriyada rejim qulashidan bir necha hafta oldin Moskvada saraton kasalligining qaytalanishidan davolanishni boshlagan. Asma Asadni infeksion kasalliklar xavfi tufayli boshqa odamlar bilan aloqada bo‘lmasligi uchun alohida saqlashmoqda.
Bu orada esa Asma Asad eri Bashar bilan ajrashib, Britaniyaga ketishni xohlayotgani, unga Moskva yoqmagani haqida xabarlar tarqaldi. Asma Asad Rossiya sudlariga murojaat qilib, Moskvadan chiqib ketish uchun maxsus ruxsat so‘ragan. Biroq ariza hali ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda. Ammo Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi esa Asadning turmush o‘rtog‘i Asmani aslan britaniyalik bo‘lishiga qaramasdan, mamlakatga kiritolmasligini aytgan. Shuningdek, Asma Asadning Britaniya fuqaroligi bekor qilinishi mumkinligi ham ta’kidlangan. Biroq Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Asad rejimi qulaganidan ko‘p o‘tmay, Asmaning Britaniya fuqaroligidan mahrum etilishi haqida gapirishga hali erta ekanligini aytgan. Bashar Asadga esa Rossiyada qator jiddiy cheklovlar qo‘yilgan. Asadga Moskvani tark etishi va har qanday siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishi qat’iyan man etilgan. Bundan tashqari, Rossiyaga 135 milliard dollar pul bilan qochib ketgani aytilgan Asadga Rossiya rasmiylari bank aktivlari va moliyaviy manbalariga kirishni ham man qilgan.
Shu o‘rinda Suriyadagi so‘nggi voqeliklarga to‘xtalsak. Bashar Asadni hokimiyatdan qulatib, Suriyani egallagan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhining yetakchisi, siyosiy faoliyatga kirgach Abu Muhammad al-Jo‘loniy laqabidan Ahmad ash-Shara nomiga o‘tgan Jo‘loniy darhol diplomatik etiketdan xabardor, tashqi dunyoga ochiq va ma’lum darajada liberal siyosatchiga aylandi. 42 yoshli Jo‘loniy kelgusida mamlakat prezidentiga aylanmasligiga hozircha biron-bir aytarli asos yo‘q.
Bir vaqtlar uni terrorchi sanaganlar bugun u bilan muloqot qilish uchun navbatga turibdi. Turkiya Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidanning tugayotgan haftada u bilan uchrashuv o‘tkazishi esa diqqat markazida bo‘ldi.
Uchrashuvda Jo‘loniy inqilobning boshidanoq Turkiya Suriya xalqini qo‘llab-quvvatlaganini, bunga javoban davlatdan boshqa hech bir guruh qurolga ega bo‘lmasligi kerakligini aytgan. Bunda gap Suriya ichidagi Turkiyaga doimiy tahdid qiluvchi RKK/YPG (“Kurdiston ishchilar partiyasi”/“Suriya xalq mudofaa kuchlari” terroristik tashkiloti) haqida bormoqda. Jo‘loniy ushbu guruhlar qo‘lida qurol bo‘lishini qabul qila olmasligini bildirgan.
Turkiya Tashqi siyosati rahbari Xoqon Fidan esa Suriyadagi eng og‘ir va qorong‘i davr ortda qolganini va bundan yaxshi zamonlar kelishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadagi barcha etnik, diniy va mazhab guruhlari baxtliroq bo‘ladi va suriyaliklar mamlakat kelajagini belgilaydi. U Turkiya Jo‘loniyni yolg‘iz qoldirmasligi, turk xalqi, turk davlati va Prezident Erdo‘g‘an uni doim qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Unga ko‘ra, Suriyada barqarorlikni o‘rnatish eng ustuvor vazifa va bunga erishish uchun mamlakatda xavfsizlikni, qonun ustuvorligi va ozchiliklar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash kerak. Barcha diniy va etnik guruhlarni qamrab oluvchi inklyuziv boshqaruvni yaratish lozim. Hamma tinch-totuv yashaydigan va adolat hukm suradigan mamlakat qurish yangi Suriyaning eng katta yutug‘i va kelajagining kafolati bo‘ladi. Suriyadagi yangi ma’muriyat o‘z va’dalarini amalga oshirish uchun ularga imkoniyat berilishi, Suriyadagi avvalgi rejimga xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘yilgan barcha sanksiyalar tezda bekor qilinishi kerak.
Vazir Fidan Isroil Suriyadagi vaziyatdan foydalanib, Suriya hududlarini bosib olish siyosatini davom ettirayotganiga ham e’tibor qaratgan. Uning fikricha, bunga toqat qilib bo‘lmaydi. U xalqaro hamjamiyatni Suriyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilish uchun ovoz berishga chaqirgan.
Avvaliga Islom dini yorliqlari bilan maydonga kirib kelgan Suriyaning yangi ma’muriyati nasroniylarning Rojdestvo bayramiga to‘g‘ri keladigan 25-26 dekabr kunlarini dam olish kuni deb e’lon qildi. O‘sha kuni davlat idoralari yopildi. Mamlakat hududlari bo‘ylab archa bezatildi, yirik maydonlar Yangi yilga monand tarzda Yevropa davlatlaridek bezatildi.
23 dekabr kuni Hama provinsiyasi yaqinida bir guruh shaxslar archaga o‘t qo‘ygani aks etgan video internetga tarqaldi. Taxminlarga ko‘ra, bular “Ansor at-Tavhid” guruhining a’zolari bo‘lgan. Suriyada hokimiyatni qo‘lga olgan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhining diniy yetakchisi archaga o‘t qo‘yganlar “suriyaliklar emasligini” aytdi va ular jazolanishiga va archa tiklanishiga va’da berdi.
100 dan ortiq yaralangan falastinliklar O‘zbekistonga olib kelindi
Tugayotgan haftada 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi.
O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichevga ko‘ra, 26 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan va O‘zbekiston hamda Falastin Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida 100 nafar jarohatlangan falastinlik ayol va bolalarni, shuningdek, ularning hamrohlarini evakuatsiya qilish amaliyoti amalga oshirilgan.
Evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vatanlariga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi sharoitlardan foydalanadi. Xususan, ular davolanish va sog‘liqlarini qayta tiklash uchun reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga joylashtiriladi hamda mamlakatda bo‘lish davrida barcha zarur ehtiyojlar, jumladan, mehmonxona, turarjoy, maktablar va oziq-ovqat bilan ta’minlanadi.
Ko‘rsatiladigan xizmatlar qatorida maktablarning ham borligi taajjubli. Bundan ko‘rinadiki, falastinliklarning O‘zbekistonda bo‘lishi bo‘yicha muddat qisqa emas.
LiveBarchasi
Toshkentga tramvay qaytadi.
13 mart
Trenddagilar
