Stenford universiteti bitiruvchilari Falastin uchun namoyish o‘tkazdi (video)
Olam
−
15 iyun 2107 2 daqiqa
Stenford universitetidagi bitiruv marosimida Google bosh direktori Sundar Pichayning nutqi vaqtida talabalarning ommaviy norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “News 18” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 15 iyun kuni Stenford universitetining 135-bitiruv marosimi o‘tkazilgan. Unda universitet bitiruvchisi va Google rahbari Sundar Pichay 2026 yil bitiruvchilariga murojaat qilgan. Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda 20 mingdan ortiq kishi, jumladan, 3 600 nafar talaba ishtirok etgan. Biroq Pichay nutq so‘zlayotgan vaqtda taxminan 200 nafar talaba o‘rinlaridan turib, zalni tark etgan. Qolgan ayrim guruhlar esa Falastin bayroqlarini ko‘tarib, bannerlar namoyish qilgan va hushtak chalgan holda nutq o‘rtasida chiqib ketgan.
Norozilar Google kompaniyasining Isroil hukumati bilan hamkorligiga qarshi chiqqan. Xususan, ular 2021 yilda tuzilgan va qiymati 1,2 milliard dollarga baholangan Project Nimbus bulutli texnologiyalar loyihasini tanqid qilgan. Namoyishchilar ushbu kelishuvni Isroil bilan texnologik hamkorlikning ramzi sifatida baholamoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda talabalar “Free Palestine” (“Ozod Falastin”) deya hayqirib, Falastin bayroqlari va norozilik plakatlari bilan zaldan chiqib ketayotgani aks etgan. Ma’lum qilinishicha, aksiyani Students for Justice in Palestine va No Tech for Apartheid kabi tashkilotlar uyushtirgan.
Pichay o‘z nutqida Hindistonning Chennay shahridan Kaliforniyagacha bo‘lgan hayot yo‘li haqida gapirib, bitiruvchilarni qiyinchiliklarga qanday munosabat bildirish muhimligiga chaqirgan.
“Ba’zan kundalik yangiliklarga qarab, biz o‘ta murakkab davrda yashayapmiz deb o‘ylash oson. Ammo har bir avlod o‘z sinovlariga duch kelganini eslash foydali. Biz qaysi dunyoda bitirayotganimizni tanlay olmaymiz, lekin vaziyatga qanday munosabatda bo‘lishimizni tanlash imkoniyatiga egamiz”, degan u.
Talabalarning norozilik aksiyasi universitet tashqarisida ham muhokamalarga sabab bo‘lgan. Hind-amerikalik venchur sarmoyador va texnologiya sohasi vakili Vinod Xosla X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida namoyishchilarni tanqid qilib, talabalarning harakatlarini “bir tomonlama, ahmoqona, uzoqni ko‘ra bilmaydigan va juda xudbinona”, deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq London markazida o‘n minglab odamlar ikki alohida namoyish – Nakba Day’dan bir kun o‘tib o‘tkazilayotgan Falastin tarafdorlari marshini o‘tkazishgan edi.
Live
Barchasi