YeI Ukrainani a’zo qilish borasida tayinli fikrga kelmadi
Olam
−
11 mart 2022
4548YeI Kengashi Yevrokomissiyaga Ukraina, Gruziya va Moldovaning Hamdo‘stlikka a’zo bo‘lish haqidagi arizalari bahosini taqdim etishni topshirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Versaldagi norasmiy sammitining birinchi kuni yakunlari bo‘yicha qabul qilingan bayonotida aytiladi.
“2022 yil 28 fevralda Ukrainaning o‘z taqdirini tanlash huquqidan foydalangan holda, Prezident [Vladimir Zelenskiy] Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun arizasini topshirdi. Yevropa Ittifoqi Kengashi tezkorlik bilan harakat qildi va komissiyaga ushbu ariza bo‘yicha o‘z fikrini taqdim etishni taklif qildi”, deyiladi xabarda.
Unda qayd etilishicha, YeI “Yevropa oilasiga mansub” Ukraina bilan aloqalarni mustahkamlashda davom etadi.
“Kengash komissiyaga Moldova Respublikasi va Gruziya arizalari bo‘yicha o‘z xulosalarini taqdim etishni taklif qildi”, deyiladi hujjatda.
Ukrainaga yordam
Bayonotga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga siyosiy, moliyaviy va gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etadi.
“YeI va unga a’zo davlatlar [Ukrainaga] muvofiqlashtirilgan siyosiy, moliyaviy, moddiy va gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etadi”, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi “barcha qochqinlar va ularga mezbonlik qilayotgan mamlakatlarga birdamlik va gumanitar, tibbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishda” davom etishi aytilgan.
“[Rossiya] Ukrainadagi jabrdiydalar va ichki ko‘chirilganlarga xavfsiz va to‘siqsiz insonparvarlik yordamini ta’minlashi kerak”, deyiladi bayonotda.
Yevroittifoq yetakchilari, shuningdek, jangovar harakatlar tugaganidan keyin “demokratik Ukrainani tiklash”ga yordam berishga va’da bergan.
“Rossiya hujumi to‘xtatilishi bilanoq biz demokratik Ukrainani tiklash uchun yordam ko‘rsatishga intilamiz”, deyiladi kommyunikeda.
Ukrainadagi atom stansiyalari
Yevropa Ittifoqi davlatlari Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) yordamida Ukraina atom stansiyalari xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan.
“Biz Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik yordamida Ukraina atom elektr stansiyalari xavfsizligini zudlik bilan ta’minlashga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.
MAGATEning ma’lum qilishicha, Ukraina Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Chernobil AES ustidan nazoratni yo‘qotgani haqida agentlikka xabar bergan.
“Shuningdek, Kiyev va Xarkov yaqinidagi yadroviy chiqindilar saqlanadigan omborxonalarni o‘qqa tutish holatlari qayd etilgan. Hozirda radiatsiya tarqalish xavfi mavjud emas”, deyilgan MAGATE bayonotida.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi