YeI Rossiya, LXR va DXRdan 217 kishini “qora ro‘yxat”ga kiritdi
Olam
−
09 aprel 2022
4425Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi voqealar fonida Rossiya, tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalaridan 217 nafar tadbirkor, siyosatchi, jurnalistga nisbatan beshinchi sanksiyalar paketi doirasida cheklov choralarini kiritdi. Bu haqda YeIning rasmiy jurnalida aytiladi.
“Kengash bugun Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan asossiz harbiy agressiyasi hamda Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi boshqa harakatlariga javoban yana 217 nafar jismoniy va 18 yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralarini qo‘llashga qaror qildi”, deyiladi bayonotda.
Jismoniy shaxslar qatorida yuqori martabali Kreml amaldorlari, ishbilarmonlar — Moshe Kantor, Boris Rotenberg va Oleg Deripaska, energetika, moliya, ommaviy axborot vositalari, mudofaa va harbiy sanoat kabi iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida ishlaydigan boshqa taniqli ishbilarmonlar, shuningdek, dezinformatsiya, ma’lumotni manipulyatsiya qilish, Kreml tomonidan Ukrainadagi vaziyat haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarni muntazam ravishda tarqatish tarafdorlari bor.
“Ro‘yxatga sanksiya qo‘yilgan shaxslarning oila a’zolari ham kiritilgan. Jumladan, Mariya Vladimirovna Voronsova va Yekaterina Vladimirovna Tixonovalar ham bor”, deyiladi Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida. Unda ro‘yxatdagi shaxslar “Prezident Putinning qizlari” ekani ta’kidlangan.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning yirik ommaviy axborot vositalari rahbarlariga qarshi ham sanksiyalar kiritgan. Jumladan, “Moskovskiy komsomolets” gazetasi bosh muharriri Pavel Gusev va TASS bosh direktori Sergey Mixaylovga cheklovlar qo‘yilgan. Shuningdek, “Sankt-Peterburg” telekanali bosh direktori Aleksandr Malkevich va “Natsionalnaya oborona” jurnali bosh muharriri Igor Korotchenkoga nisbatan ham sanksiyalar joriy etilgan.
Yevropa Ittifoqining “qora ro‘yxat”iga LXR Vazirlar kengashi raisi Sergey Kozlov, DXR hukumati raisi Aleksandr Ananchenko, ikki respublika vazirlari va DXR Xalq kengashi a’zolari ham kiritilgan.
Umuman olganda, YeI ma’lumotlariga ko‘ra, cheklov choralari 1091 nafar jismoniy shaxs va 80 ta tashkilotga nisbatan qo‘llanilgan.
“Ro‘yxatga kiritilgan jismoniy shaxslarning aktivlari muzlatib qo‘yiladi, Yevropa Ittifoqi fuqarolari va kompaniyalariga ularga mablag‘ berish taqiqlanadi. Jismoniy shaxslarga qo‘shimcha ravishda Yevropa Ittifoqi hududlariga kirish taqiqlari qo‘yiladi”, deyiladi hujjatda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi