YeI hali urush ketayotgan Ukrainani tiklashga milliardlab yevro ajratmoqchi – OAV
Olam
−
20 iyun 2022
7051Yevropa Ittifoqi Ukrainaga to‘qqiz milliard yevrolik moliyaviy yordam paketini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda “Bloomberg” uch yevropalik rasmiyga tayanib, xabar berdi.
Joriy yilning may oyi o‘rtalarida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Ukrainani mojarodan keyin qayta tiklash rejasini, jumladan, mamlakatdagi islohotlarni, shuningdek, Kiyevga 9 milliard makromoliyaviy yordam ajratishni taklif qilgan edi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi taklifi hafta oxirigacha tayyor bo‘lishi mumkin. Payshanba va juma kunlari YeI yetakchilari Ukrainaning tiklanishi hamda mamlakatning ittifoqqa a’zo bo‘lish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun uchrashadi.
Shuningdek, Kiyevga makromoliyaviy yordam paketi asosiy qarzni to‘lash uchun 10 yillik imtiyozli davr bilan 25 yil muddatga kredit sifatida beriladi. Yevropa Ittifoqi kreditlar miqdorini 100 foiz to‘liq qoplash niyatida, 8 milliardi assotsiatsiya mamlakatlari tomonidan taqdim etiladi, qolgan mablag‘lar esa Yevropa Ittifoqi byudjetidan ajratiladi. Foizlar ham Yevropa byudjetidan to‘lanadi.
“Yevrokomissiya yordam paketi tafsilotlarini kelishish masalasida assotsiatsiyaning qator mamlakatlari bilan bog‘lanmoqda va birinchi to‘lov yozda amalga oshirilishini kutmoqda”, deb yozdi nashr.
Taklif etilayotgan tashabbus Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yevropa parlamenti tomonidan ma’qullanishi kerak.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.